Boʻstonliqqa 11 oyda 12 mln sayyoh keldi
Prezident tumandagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. Hududda 1 trillion soʻmdan ziyod boʻlgan "Ugam River" loyihasi doirasida qariyb 14 gektar maydonda qurilish boshlandi. Hozirda 17 ta koʻp qavatli uy qad koʻtarmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Boʻstonliq tumaniga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Xushmanzara togʻlar bagʻridagi bu hududning drayveri, albatta, turizm. Soʻnggi yillarda infratuzilma yaxshilanib, yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati yaratildi. Dam olish, sogʻlomlashtirish, changʻi, sayohat, umumiy ovqatlanish majmualari barpo etildi. Eski sanatoriy va bolalar oromgohlari yangilandi.
Xususan, besh yil avval tumanda 2 ming 240 oʻrinli 26 ta maskan boʻlgan boʻlsa, shu davrda sohaga 2 trillion soʻmdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan koʻp oʻringa ega 59 ta yirik turizm inshooti ishga tushirildi.
Asosiy avtomobil yoʻli taʼmirlanib, qoʻshimcha yoʻllar qurildi.

Bularning natijasida turizm jadal rivojlandi, tashrif buyuruvchilar 12 barobarga oshdi. Jumladan, besh yil oldin Boʻstonliqqa yiliga 850 ming sayyoh kelgan boʻlsa, bu yil 11 oyning oʻzida 12 million nafar tashrif buyurgan.
Bu surʼat izchil davom etmoqda. Davlatimiz rahbari shunday loyihalar bilan tanishdi.

Chirchiq daryosi boʻyida “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi qurilmoqda. Qariyb 25 gektar maydondagi majmuada 16 ta koʻp qavatli uy, 3 ta mehmonxona, 2 ta supermarket, 60 dan ziyod savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh boʻladi. Binolar tepasiga quyosh panellari oʻrnatiladi. Daryo ustida sayr uchun shishali koʻprik quriladi.
Majmua kuniga 5 mingdan ortiq kishiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi. Mavsumiylari bilan birga 2 ming 500 ta ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz xizmat turlarini koʻpaytirib, faol turizmni rivojlantirish, bunday majmualarni boshqa tumanlarda ham loyihalashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Hududda ekologiyaga alohida eʼtibor berish, yashillikni koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida barpo etilayotgan “Ugam River” turistik majmuasini borib koʻrdi.
Ugam daryosi boʻyidagi bu maskan ilgari toʻla foydalanilmagan, toshloq joy edi. Bu yil 1 trillion soʻmlikdan ziyod loyiha doirasida qariyb 14 gektar maydonda qurilish boshlandi. Hozirda 17 ta koʻp qavatli uy qad koʻtarmoqda. Ular 5, 6 va 7 qavatli, 870 xonadondan iborat boʻladi.
Shuningdek, 16 ta kottej, 3 ta restoran, yigirmadan ortiq savdo va xizmat shoxobchalari markazlari quriladi. Bolalar oʻyingohlari, yopiq suv havzasi, fitnes va sport maydonchalari, amfiteatr, avtoturargoh, avtomobil koʻprigi, togʻ va sohil boʻyi yoʻlaklari ham tashkil etiladi.
Bu qulayliklari bilan yangi majmua yiliga 200 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat koʻrsata oladi. Bu tumanning turizm salohiyatini yanada oshiradi. Birinchi bosqich - koʻp qavatli uylarni kelayotgan yilning boshida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari shunday xonadonlardan birini kirib koʻrdi.

Sayyohlar koʻproq chiroyli tabiatga, toza havoga intiladi. Shuni inobatga olib, mavjud daraxtzorga qoʻshimcha 20 ming tup koʻchat oʻtqaziladi. Zamonaviy texnologiyalar vositasida kuniga 1 ming metr kub daryo suvi qayta ishlanadi. 2 megavattlik termal isitish va sovitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Prezident soha mutasaddilariga hudud targʻibotini kengaytirib, bunday maskanlarga sayyohlarni jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Turizm loyihalari tufayli ish oʻrinlari koʻpaymoqda. Shu bilan birga, aholining anʼanaviy shakllangan kasb-hunarlarini ham asrash kerakligi taʼkidlandi. Masalan, tuman asal, limon yetishtirish uchun mos. Ularni rivojlantirish tabiiy muhitni asrab-avaylash nuqtai nazaridan ham muhim.