Toshkent viloyatidagi korxonada gaz chaqnashi sabab bir kishi halok boʻldi
6 nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa sabab tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

5 dekabr kuni Toshkent viloyati, Oʻrtachirchiq tumani, "Kim Pen Xva" MFY, Qutb Yulduzi koʻchasida joylashgan ishlab chiqarish korxonasi maʼmuriy-xoʻjalik binosida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir boʻldi. Chaqnash natijasida yongʻin sodir boʻlmagan.
Chaqnash oqibatida 1 nafar fuqaro vafot etgan, 6 nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan, deyiladi FVV xabarida.
Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qoʻldoshev yetib borgan va uning rahbarligida vaziyat oqibatlari bartaraf etilmoqda.
Shuningdek, hodisa joyiga viloyat FVB rahbariyati, tuman hokimiyati, Prokuratura, IIB, SSB, "Hududgaztaʼminoti" rahbar xodimlari yetib borgan. Ayni vaqtda FVVning yongʻin-qutqaruv ekipajlari voqea joyida amaliy harakatlarni olib bormoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.