Sovet reketchilarining otasi – Moʻgʻul
Oʻz davrida obroʻli boʻlgan, boylarni tunagan va reketchilikka asos solgan Gennadiy Karkov.
Jinoyat olamining “innovatori”
Gennadiy Karkov 1930 yil 5 dekabrda Moskvada tugʻilgan. Ayrim manbalarga koʻra, uning tugʻilgan joyi aslida Nijniy Novgorod viloyatidagi Kulebaki shahri. U halol hayot kechira olmadi. Shuhrat qozonishdan oldin bir necha marta qamoq jazosiga hukm qilingan. 1969 yilda ozodlikka chiqqan Moʻgʻul avvaliga boshqalar kabi yashashga harakat qildi – qurilish tashkilotlaridan biriga ishga kirdi, lekin bir xil, ogʻir va maoshi kam ish tezda uning joniga tegdi.
“Hurmatli” oʻgʻrilardan biri Vasya “Brilliant”ning "sen uzoqqa borasan" degan soʻzlarini eslab, Karkov alohida jinoiy guruh tuzishga qaror qildi. Aytgancha, xuddi shu afsonaviy SSSR oʻgʻrisi Vasya Brilliant Moʻgʻulning aql-zakovatini eʼtirof etgandi. Haqiqatan ham Moʻgʻul doimo vaziyatni bir necha qadam oldindan hisoblashga harakat qilardi, uzoqni koʻra olardi. Sodda qilib aytganda, Gennadiy Karkov hokimiyat va qoidalarga ahamiyat bermaydigan yangi formatdagi jinoyatchi edi. U oʻzi xohlagancha harakat qilar edi.
Qiyofasi osiyolikka oʻxshagani uchun (ona tarafdan qozoq boʻlgan) jinoyat olamida “Moʻgʻul” laqabini olgan Gennadiy Karkov oʻttizga yaqin odamni oʻzi boshqargan toʻdaga toʻpladi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, jinoiy guruh tarkibida jami 50-60 kishi boʻlgan. Guruhning asosiy shaxslari "Yaponchik" laqabli Vyacheslav Ivankov (unga bu laqabni Moʻgʻul bergan), shuningdek, "Bitumchi" laqabli jinoyatchi va ruhiy kasal, giyohvandlik bilan kasallangan Jallod boʻlgan (Bitumchi qurbonlarini asfalt tagiga bostirishni yaxshi koʻrgan). Aynan Jallod keyinchalik qurbonlarini qiynash vazifasini bajarar edi.
...1970-yillarning boshlari. Mamlakat nafaqat oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan bogʻliq defitsitdan qiynalardi. Sovetcha rejali iqtisodiy siyosat mamlakat iqtisodini tamoman vayron qilgan paytlar. Hatto antikvar kolleksionerlari ham sovet bozorining tanqisligini oʻzlarida his qilishgan.
Ixtisoslashgan doʻkonlarning direktorlari faqat keng isteʼmol tovarlarini javonlarga joylashtirishga ruxsat berishar edi. Hatto shu tovarlar ham uzun navbatga turib sotib olingan. Haqiqiy kamyob tovarlar “peshtaxta ostidan” – qimmat narxlarda, tanish-bilish orqali sotilar edi. Shu bois noyob tovarlar sotiluvchi doʻkonlarning mudirlari, yumshoq qilib aytganda, oltin va ipaklarga koʻmilib yashagan. Bunga yorqin misollardan biri – katta bir doʻkon direktori Voldemar Mirkin edi.
Mirkin oʻz lavozimidan foydalanib, eng yaxshi tovarlarni oʻz tanishlari orasida taqsimlab, katta foyda olardi. Albatta, bu sovet qonunchiligi boʻyicha ogʻir jinoyat hisoblangan. Kunlardan bir kuni Moʻgʻul bundan xabar topdi.
Moʻgʻulning toʻdasi tez va aniq harakat qildi. Ular Mirkinni bogʻlab, yuk mashinasining orqasiga tashladi. Bu yerda doʻkon direktori tobutga koʻzi tushgan. Banditlar tabassum bilan bu tobut uniki ekanini aytishgan.
"Moʻgʻul ishi"ni tergov qilgan xodim Aleksandr Suxarevning aytishicha, Mirkin uzoq vaqt qarshilik koʻrsatib, pullarini bergisi kelmagan. Ammo jinoyatchilar uni oʻrmonga olib borib, oʻzi uchun qabr qazishga majburlaganlaridan keyin taslim boʻlgan. Psixologik hujum oʻz samarasini bergan: Mirkin hamma boyligini Moʻgʻul toʻdasiga oʻz qoʻli bilan topshirishga majbur boʻlgan.
Norasmiy millionerlar uchun ov
Moʻgʻul asosan ruhiy qiynoqlardan mohirlik bilan foydalansa-da, jismoniy zoʻravonlik va qiynoqlardan ham bosh tortmagan. Bu usullar jabrlanuvchining qaysarlik darajasiga qarab tanlangan. Oʻsha paytlarda yashirin ishbilarmonlar – qipchagar savdo xodimlari, qora bozorchilar va noyob tovarlarni yashirin ishlab chiqaruvchi “farsovshiklar” qoʻrqishga odatlanmagan edi. Ular sovet voqeligiga mohirlik bilan moslashib olishgan edi: kerakli joylarni moylab, militsionerlarga pora berib, tinchgina yashab yurishgan edi. Taʼbir joiz boʻlsa, ular orqadan pichoq urishlarini kutmaganlar. Buni birinchi boʻlib Moʻgʻul tushundi. Ulardan pul undirishga kirishganida, u militsiya va xavfsizlik xodimlaridan qoʻrqmadi, chunki uning qurbonlari jinoyatlari oshkor boʻlmasigi uchun huquq-tartibot xodimlariga murojaat etishdan qoʻrqishar edi. Toʻgʻri, reket eski oʻgʻrilarning qoidalariga zid edi. Ammo bu Moʻgʻulni toʻxtatib qolmadi. U pul undirish uchun har qanday usulga tayyor edi. Bundan tashqari, huquq-tartibot idoralarining baʼzi vakillari uning tarafida boʻlgan deyishadi.
Xullas, Moskvaning yashirin millionerlari vahimaga tushib qolishdi. Hech kim oʻz xavfsizligi uchun xotirjam emasdi. Eski qonun oʻgʻrilari yakka holda ish tutishni afzal koʻrishardi. Biroq ular jinoyat olamidagi qoidalar oʻzgara boshlaganini sezib qolishdi. Moʻgʻul va uning asosiy yordamchisi Yaponchik (Vyacheslav Ivankov) SSSRdagi birinchi uyushgan jinoiy guruhning asoschilariga aylandi.
Yaponchik Moʻgʻuldan ham oʻtib, yangi formatni taklif qildi. Endi toʻda oʻgʻrilari militsionerlar formasini kiyib, norasmiy millionerlarni qoʻrqitib pul undirishni ham yoʻlga qoʻyishgan. Bunday muvaffaqiyatlar, albatta, Moʻgʻul toʻdasini ruhlantirib yubordi. Pul va boyliklar toʻdaga osonlik bilan oqib kelardi.
Lekin bir kuni Moʻgʻul odamlari xatoga yoʻl qoʻyishdi. Ular kabobpazlik oshxonasi mudiri Antonina Lomakinani oʻgʻirlab ketishdi. Tashkilotning past maqomiga qaramay, ayol juda boy hayot kechirir, SSSRning oddiy fuqarolari orzu ham qila olmagan hashamati bilan maqtanishdan qoʻrqmas edi.
Bikov ismli bandit shashlikchi ayolni boyligidan voz kechishga majburlab, ikki soat pichoq bilan ayolning qovurgʻasini teshib, qiynab oʻtirgan. Ayol nihoyat rozi boʻlgan. Moʻgʻul odamlari hatto ayolning uyidagi mebellarni ham olib ketishgan. Moʻgʻul uning toʻdasi allaqachon kuzatuv ostida ekanini hali bilmas edi.
Umuman olganda, Moʻgʻul toʻdasi oʻta shafqatsizligi bilan ajralib turardi – pul va qimmatbaho narsalarni berishdan bosh tortganlar oʻrmonga olib ketilgan va u yerda qiynoqqa solingan. Qiynoqlar juda xilma-xil boʻlib, jismoniy va ruhiy shakllari qoʻllanilgan. Qurbonlar daraxtlarga osib qoʻyilgan, boʻgʻila boshlaganlarida arqon keskin kesilgan. Baʼzilarini tobutga solib, arra bilan arralashgan. Odatda bunday ruhiy va jismoniy qiynoqlardan keyin har qanday qaysar boyvachcha ham mulla mingan eshakdek boʻlib qolar edi.
Taʼkidlash kerak, Moʻgʻul toʻdasi SSSRda birinchilardan boʻlib noqonuniy millionerlarning pullarini tovlamachilik yordamida olish bilan shugʻullangan, bu usul keyinchalik "reket" deb nomlangan (ingl. racket – ital. ricatto “tovlamachilik”) Bu oʻgʻrilar qonunini, yaʼni sovet ittifoqi jinoyat olamining asosiy qonunini toʻgʻridan-toʻgʻri buzish edi.
Oʻgʻrilar “sxodkasi” – majlisida boshqa qonundagi oʻgʻrilar Moʻgʻulni oʻgʻrilar qonunlari – “ponyatkalarini” buzgani uchun jazolamoqchi boʻlishdi. Biroq unga nisbatan hech qanday repressiv choralar koʻrilmadi – Karkovning aybi shundaki, u birinchi boʻlib ushbu turdagi jinoiy faoliyat bilan shugʻullangan edi. Bir necha yil oʻtgach, Moʻgʻul ham “qonundagi oʻgʻri”ga aylandi va 1970 yillarning oxirida Kislovodskdagi Butunittifoq oʻgʻrilarining "yigʻilishida" barcha oʻgʻrilar doʻkon mudirlari va “qora bozorchi”lardan pul olish kerak degan yakdil qarorga kelishdi. Shunday qilib, yangi jinoiy format – boylik va jinoyat olami birlasha boshladi. Bundan avval esa qonuniy oʻgʻrilarning boyishi va hashamatda yashashi taqiqlangan edi.
Qonuniy oʻgʻri sifatida
Moʻgʻul qonun oʻgʻrilari bilan uchrashishdan qochishga harakat qilar edi. Ammo uchrashib qolsa, oʻzini takabbur va odobsiz tutgan. U hatto eski tanishi Vasya “Brilliant” bilan ham uchrashishdan bosh tortdi. Biroq “eski maktab” oʻgʻrilari Moʻgʻulni tiyib qoʻyish uchun militsiya idoralari bilan uchrashishga majbur boʻlishdi. Shundan soʻng xavfsizlik va militsiya xodimlari "yangi format" toʻdasidan xabardor boʻlishdi.
1972 yilda Vladimir Bikov hibsga olingan. Moʻgʻul buni kutmagani bois, oʻz toʻdasining aʼzolari bilan favqulodda yigʻilish oʻtkazishga qaror qildi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari xuddi shuni kutib turishgandi. Yigʻilish chogʻida militsiya toʻdaning hamma odamini – 31 kishini hibsga oldi.
Moʻgʻul oʻzini xotirjam tutdi. U tergovchilar hech narsani isbotlay olmasligiga amin edi. Va uning hisob-kitobi deyarli toʻgʻri boʻlib chiqdi. Tergov faqat ikkita jinoyat epizodi boʻyicha ularning aybini isbotlay oldi.
Biroq Moʻgʻul toʻdasi oʻgʻirlab ketib, qiynoqqa solgan norasmiy millionerlari orasidan bir nechta jasurlari guvohlik berishgan. Faqat bir nechta jinoyatni isbotlash mumkin boʻlsa-da, bu Moʻgʻulni 14 yilga qamoqqa hukm qilish uchun yetarli edi. Ammo tergovchilar yengil jazo berilganidan norozi boʻlishdi, chunki ular Moʻgʻulni oʻlimga hukm qilishlarini kutishgan edi. Shunda Moʻgʻul "sudyani sotib olgan" degan mish-mishlar tarqaldi. Ammo buni isbotlaydigan hech qanday dalil yoʻq edi.
Moʻgʻulni qamoqda oʻldirib yuborishlari mumkin edi. Biroq Moʻgʻul hurmatli oʻgʻrilar bilan kelisha oldi. Bundan tashqari, bir necha yil oʻtgach, yuqorida aytilganidek, unga hatto qonundagi oʻgʻri tojini ham kiydirishdi. Keyinchalik Moʻgʻulning oʻzi bir qancha qonundagi oʻgʻrilarga toj kiydirdi.
Yangi voqelik
Karkov butun jazo muddatini – 14 yilni batamom oʻtagan va 1986 yilda ozod qilingan. U qamoqdan chiqqanida SSSRni taniy olmadi. Bir paytlar uning qurboni boʻlgan millionerlar endi hokimiyat tepasiga chiqib olishgan edi. Moʻgʻul hibsga olinganidan beri oʻgʻrilar dunyosi ham oʻzgarib ketgan edi. Endi ular reketdan hazar qilishmasdi. Shuningdek, "apelsinlar" – pul bilan qonuniy oʻgʻri maqomini sotib olgan jinoyatchilar koʻpaygan edi.
Biroq yangi voqelikka tez moslashib olgan Moʻgʻul yana darrov oʻz atrofiga kurashchi sportchilar, bokschilar va boshqa zoʻravonlarni toʻpladi. Uning toʻdasi avtoservislar, kooperativlar va chakana savdo nuqtalarini qoʻlga olishdi. Ammo avvalgidek katta foyda va oldingidek keng koʻlamni orzu qilmasa ham boʻlardi. Toʻda aʼzolari shu arzimagan “daromad”ni restoran va fohishalarga sarflab, yoʻq qilishar edi.
1990-yillarning boshlarida Moʻgʻul Moskvaning baʼzi hududlarida “smotryashiy” – nazoratchi boʻldi va Fransiyada uy sotib oldi.
Biroq taqdir unga atab qoʻygan “uyga” borishdan qochib qutulmadi: Moʻgʻul tez orada saraton kasaliga chalindi va 1994 yil 14 oktabrda 63 yoshida Podolsk onkologiya klinikasida vafot etdi.
Abulfayz Sayidasqarov