platina.uz
Jamiyat

Koʻplab yoʻnalishlarda yoshlarning barcha qatlamini qamrab olayotgan loyiha — “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi qanday oʻtyapti?

Poytaxt hokimligi “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligini oʻtkazyapti. Ushbu oylik mohiyatan juda chuqur oʻylangani, ayniqsa, yoshlarning barcha qatlamini foydali va mazmunli loyihalar bilan qamrab olayotgani eʼtiborga molik.

Koʻplab yoʻnalishlarda yoshlarning barcha qatlamini qamrab olayotgan loyiha — “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi qanday oʻtyapti?

Vaqtincha ishsiz xotin-qizlarga eʼtibor. Poytaxt qizlarini zamonaviy kasblarga oʻqitib, bandligini taʼminlash va eng asosiysi, ularni daromadli qilish maqsadida Toshkentda istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha boʻlgan 1 000 nafar qiz SMM sohasiga mutlaqo bepul oʻqitilmoqda. SMM sohasi orqali uyda oʻtirib ham daromad topish mumkinligi hech kimga sir emas.

Bu loyihada oʻqiyotganlar orasida uy bekalari, talaba-qizlar va hatto maktab oʻquvchilari ham bor.

Ochiq muloqotlar. Zamonaviy kasblar, yoshlar muammolari, fan va taʼlim, axborot texnologiyalari, milliy media, yoshlar turizmi, ekologiya, sport, adabiyot va tadbirkorlik kabi 10 ta muhim yoʻnalishda 15-29 noyabr kunlari sohasining eng tajribali mutaxassislari bilan yoshlarning ochiq muloqotlari oʻtkazildi.

Bunda minglab yoshlar, oʻquvchi va talabalar ishtirok etishdi. Mutaxassislarning maslahat va tavsiyalarini eshitish bilan bir qatorda, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Ochiq muloqotlar YouTube tarmogʻida jonli efir qilindi. Shuningdek, toʻliq holda tarmoqqa joylandi.

Isteʼdodli bolalar uchun loyiha. “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi maktab oʻquvchilarini ham nazardan chetda qoldirmadi. Poytaxtning isteʼdodli bolalari uchun 6-12 dekabr kunlari “Orzu” bolalar ijodiyoti tanlovi boʻlib oʻtadi. Unda 6–8, 9–11 va 12–14 yosh toifasidagi oʻquvchi-bolalar klassika, vokal, cholgʻu, raqs, adabiyot, tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishlarida yakka yoki jamoaviy tarzda qatnashishi imkoniyati yaratildi.

Madaniy hordiq. 25 noyabr kuni “Zakovat arena”da “Stand Up yoshlar” dasturi oʻtkazildi. Yoshlar, ayniqsa, talaba yigit-qizlar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazib, madaniy hordiq chiqarishlari uchun bu ayni muddao boʻldi.

Bu hammasi emas, 9-13 dekabr kunlari Milliy kino saroyda (panoramada) poytaxting aʼlochi boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun myuzikl tomoshasi ham oʻtkaziladi. “Alpomish” muz saroyida esa 16 dekabr kuni katta gala konsert dasturi rejalashtirilgan. Bularning barchasi yoshlarga oʻzgacha adrenalin ulashishi aniq.

Bandlik yoʻnalishi. Oylik doirasida bir qator koʻrgazmalar ham oʻtkaziladi. Ayniqsa, yoshlarning bandligini taʼminlash yoʻlida diplomi bor, ammo ish topa olmayotgan yoshlar uchun ham, diplomi yoʻq yoshlar uchun ham 10-14 dekabr kunlari “Alpomish” muz saroyida ish beruvchilarning koʻrgazmasi tashkil etilyapti. Bu kabi loyihalar avval kamdan-kam uchrardi.

Ish beruvchilarni bir joyga yigʻish va yoshlar bilan uchrashtirish ortidan qanchadan-qancha yoshlar ishli boʻlishi turgan gap.

Bundan tashqari, poytaxtda yoshlarning jamoatchilik tuzilmalarini tuzish tashabbuslari ham qoʻllab-quvvatlandi. Xususan, 11 noyabr kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti magistranti Otabek Sobitov talabalar assotsiatsiyasi raisi va uning turli yoʻnalishlar boʻyicha yordamchilari ochiq ovoz berish yoʻli orqali saylandi.

Toshkent talabalar assotsiatsiyasining birinchi taʼsis yigʻilishi

Bunda talabalarning ilmiy izlanishlariga koʻmak berish, networking uchun oʻquv oromgohlari tashkil qilish, tashabbuskor talabalar oʻrtasida eng yaxshi loyiha mualliflarini taqdirlash maqsadida “Yil mukofoti”ni joriy qilish, soʻrovnomalar oʻtkazish orqali talabalar muammolarini oʻrganish va ularga yechim topishga koʻmaklashish kabi maqsadlar koʻzlangan.

Toshkent talabalar assotsiatsiyasining birinchi taʼsis yigʻilishi

Shuningdek, 13 noyabr kuni “Yosh oʻqituvchi va olimlar kengashi” tuzilib, boshqaruv raisi etib iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori, yosh olim, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti katta oʻqituvchisi Shohrux Boymurodov saylandi.

Shu kuni Toshkent shahar yosh oʻqituvchi va olimlar kengashining birinchi taʼsis yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Toshkent shahar yosh oʻqituvchi va olimlar kengashining 1-taʼsis yigʻilishi

Ilk bora tashkil etilgan kengash yigʻilishida 500 nafardan ziyod maktablar, professional va oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan yosh oʻqituvchilar, olimlar, tadqiqotchilar hamda tayanch doktorantlar qatnashdi.

Toshkent shahar yosh oʻqituvchi va olimlar kengashining 1-taʼsis yigʻilishi

Tadbirdan koʻzlangan maqsad — yoshlarning ilm-fanda oʻzini oʻzi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali davlat va ilmiy tashkilotlar oʻrtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ularning ilmiy gʻoya va tashabbuslarini yuzaga chiqarish hamda faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Umuman, bu oylik Toshkentda yoshlarning barcha qatlami uchun ishlayapti, hamma toifani qamrab olishga harakat qilyapti. Oʻtkazilayotgan loyihalarning mazmun va mohiyati juda chuqur oʻylangani bilan ham ahamiyatlidir.

Bu oylikni avvalgilarga oʻxshamagan va bugungilar orasida muqobili yoʻq oylik boʻldi, deb bemalol aytsa yarashaveradi. Poytaxt hokimligi va boshqa tashkilotchilar astoydil tayyorgarlik koʻrgani, yoshlar uchun tinimsiz harakat qilayotgani yaqqol koʻrinib turibdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid