Bitkoin tarixda ilk bor 100 ming dollardan oshdi
Shu bilan birga kriptovalyutalar bilan shugʻullanuvchi kompaniyalar aksiyalari ham tez oʻsib bormoqda.
Bitkoin narxi tarixda birinchi marta 100 000 dollardan oshdi.
5 dekabr tonggida Binance birjasida bitta bitkoin uchun 100 184 dollarlik narx belgilandi.
Noyabr oyida kriptovalyuta AQSh prezidentlik saylovlarida Donald Tramp gʻalaba qozongan keyin qimmatlasha boshladi. Oʻsha paytda uning narxi 68 ming dollar edi.
Bu oʻsish respublikachilarning kriptovalyuta bozori haqidagi bayonotlari bilan bogʻliq. Tramp, xususan, Qoʻshma Shtatlarni "sayyoraning kripto poytaxti"ga aylantirishga va bitkoinlar zaxirasini toʻplashga vaʼda berdi.
"Agar kriptovalyuta kelajakni belgilab beradigan boʻlsa, men uni Qoʻshma Shtatlarda qazib olish va ishlab chiqarishni xohlayman", dedi Tramp.
Noyabr oyining birinchi yarmida Reuters agentligi bilan suhbatlashgan ekspertlar Bitkoin narxini oshirishda Trampning beqiyos xizmatlarini qayd etishdi. Sidneydagi ATFX Global bozor tahlilchisi Nik Tvideylning aytishicha, boʻlajak prezident sanoatni qoʻllab-quvvatlaydi va kriptovalyutaning oʻzi aftidan kam baholangan.
Astronaut Capital kriptovalyuta aktivlarini boshqarish kompaniyasining sarmoya boʻyicha bosh direktori Metyu Dibb taʼkidlaganidek, Tramp siyosati boshqa mamlakatlarning "AQShdan oldinda borishga urinish" bilan bitkoin sotib olishni boshlashi ehtimolini oshiradi.
Bitkoin narxining oshishi fonida kriptovalyutalar mayninggi va savdosi bilan shugʻullanuvchi kompaniyalarning aksiyalari ham koʻtarila boshladi.