Oʻn ikki mingdan oshiq nogironligi boʻlgan shaxslarga yordam koʻrsatildi
Joriy yilning oʻtgan davrida Oʻzbekistonda nogironlar huquqlarini qoʻllab-quvatlash boʻyicha 16,5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularni qoʻllab-quvvatlash va yashash sharoitlarini yaxshilash borasida bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Prezident Xalq qabulxonalari tashabbuslari bilan "3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni" munosabati bilan joylarda sektor rahbarlari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, mahalla “yettilik”lari hamda boshqa masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda bir qator bayram tadbirlari tashkil etildi.
Xususan, Toshkent shahri “Chorbogʻ” mahallasida joylashgan maxsus 508-sonli MTTda bayram tadbir tashkil qilinib, 84 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga davlat rahbari nomidan sovgʻalar topshirildi.
Guliston shahridagi tantanalar uyida ham bayram tadbiri tashkil etilib, unda Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Afgʻonchilar birlashmasi, Chernobilchilar assotsiatsiyasi hamda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Yoki Navoiy shahrida nogironligi boʻlgan 400 nafar fuqarolarga ehtirom koʻrsatildi. Ular uchun bayramona dasturxon yozilib, konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirlarda soʻz olganlar ushbu bayram dasturxonlari yurtimizda inson qadri uchun, aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yoʻlida olib borilayotgan islohotlarga hamohanligi, oramizdagi imkoniyati cheklangan insonlarga gʻamxurlik qilishimiz ham farz, ham qarz ekanligi, qolaversa, xayrli ishni har kim har kuni qilishi lozimligini taʼkidlashdi.

Prezident Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan 250 dan ziyod bayram tadbirlarda jami 13 mingdan ziyod nogironligi boʻlgan shaxslar qamrab olinib, davlat rahbari nomidan turli xil sovgʻalar topshirildi. Tadbirlar hafta mobaynida davom etadi.
Bundan tashqari, bayram munosabati bilan 4 mingga yaqin nogironligi boʻlgan shaxslar uylariga borib, holidan xabar olindi, sovgʻalar va roʻzgʻor buyumlari topshirildi, 12 mingdan ziyod nogironligi boʻlgan shaxslarga turli xil yordamlar koʻrsatildi. Jumladan, dori-darmonlar, maishiy texnika, protez ortopediya vositalari, moddiy yordam va boshqa turdagi koʻmaklar koʻrsatildi.
Misol uchun, Qoraqalpogʻistonda oʻtgazilgan tadbirlar doirasida jami 2 300 ta nogironligi boʻlgan shaxslar qamrab olinib ularga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, hassa-tayoq kabi reabilitatsiya vositalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Navoiy shahrida alohida taʼlim ehtiyojlari muhtoj boʻlgan bolalar uchun 16-sonli davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida bugungi kunda 108 nafar bolajonlar taʼlim-tarbiya olib kelmoqda. Ushbu maskanda nogironligi boʻlgan bolalar uchun Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan homiylik asosida yangi sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi.

Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, joriy yilning oʻtgan davrida Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni huquqlarini qoʻllab-quvatlash boʻyicha 16,5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 14 mingga yaqini, yaʼni 84 foizi qanoatlantirildi.
Jumladan, kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi tibbiy amaliyot, qismi nogironlik guruhini tiklash va oʻzgartirish, nogironlikni belgilash, nogironlik nafaqasini tayinlash, nogironlik boʻlgan shaxslarni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash, davolanish uchun order ajratish kabi masalalarga doir.