Muqaddam sudlangan hokim yordamchisi pora bilan qoʻlga tushdi
Buxoroda esa MIB xodimi qarzdorlardan undirilgan 321 mln soʻmni tanishlarining plastik kartalariga oʻtkazish orqali naqdlashtirib talon-toroj qilgan.

Hokim yordamchisi 5 mln 200 ming soʻm olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.
Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻini hokim yordamchisi "Mahalla yettiligi" tavsiyasi asosida kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan fuqaroga uy-joy sharoitini yaxshilash uchun mansabdor tanishlari orqali 120 mln soʻm imtiyozli kredit ajratilishida koʻmaklashish evaziga 5 mln 200 ming soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, hokim yordamchisi muqaddam sudlangan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining muqaddam sudlangan hokim yordamchisi sovun mahsuloti ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi MChJ rahbari bilan kelishgan holda, mazkur MChJ va tumanda faoliyat yurituvchi xususiy oʻquv markazi nomiga 200 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratilishiga erishib, lekin ushbu pul mablagʻlarini oʻziga tegishli xususiy korxona hisob raqamiga oʻtkazish orqali talon-toroj qilishgan.
Uch yuz mln soʻmdan optiq mablagʻni talon-taroj qilga MIB xodimi ham qoʻlga olindi.
Majburiy ijro byurosining Buxoro viloyati Kogon tuman boʻlimi mutaxassisi boʻlimning hisob raqamlariga kelib tushgan pul mablagʻlarini oʻz muddatida, tegishliligiga koʻra toʻgʻri yoʻnaltirilishini taʼminlashga masʼul boʻlsada, lekin hisob raqamlardagi 321 mln 79 ming soʻm pul mablagʻini oʻziga tanish boʻlgan 4 nafar fuqaroning plastik kartalariga oʻtkazish orqali naqdlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakati olib borilmoqda.