platina.uz
Jamiyat

Xorazmdagi pedofil amaldorlar AQSh sanksiyalariga tushdi

Ular mehribonlik uyidagi qizlarga nisbatan jinsiy zoʻrlik ishlatgani uchun qamalgandi.

Xorazmdagi pedofil amaldorlar AQSh sanksiyalariga tushdi

AQSh moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Urganchdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan Oʻzbekistonning sobiq amaldorlariga qarshi sanksiyalar eʼlon qildi. Sanksiyalar 2 dekabr – Xalqaro qullikka barham berish kunida joriy etildi.

Mehribonlik uyining sobiq rahbari Yulduz Xudaybergenova, Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshligʻi Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar boshqarmasining sobiq boshligʻi Anvar Kuryazov "odam savdosi va gender zoʻravonlik, jumladan, davlat mehribonlik uyidagi bolalarga nisbatan jismoniy va jinsiy zoʻravonlik"da ayblanmoqda.

"Yulduz Xudaybergenova, Anvar Kuryazov va Oybek Masharipovlar davlat xizmatchisi boʻlib ishlaganlarida muntazam jismoniy va jinsiy zoʻravonlik, bolalar savdosi bilan shugʻullangan. Xudaybergenova davlat mehribonlik uyi direktori boʻlib turgan vaqtida kamida uch nafar voyaga yetmagan qizni kamida 10 oy davomida pul va mol evaziga olti erkak bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan. U ularning itoatkorligini taʼminlash uchun jismoniy zoʻravonlik, tahdid, ochlik va izolyatsiyadan foydalangan. Masharipov va Kuryazov mehribonlik uyi uchun "sovgʻa" evaziga bolalar bilan jinsiy aloqa qilishni talab etgan va shu maqsadda muassasaga muntazam tashrif buyurgan", deyiladi xabarda.

Uchalasi ham butun dunyo boʻylab inson huquqlarining jiddiy buzilishiga masʼul shaxslarni nishonga oladigan global Magnitskiy qonuni sanksiyalari roʻyxatiga kiritildi. Ushbu shaxslarning AQShda joylashgan yoki amerikalik shaxslarning nazorati ostidagi barcha aktivlari va mulkiy manfaatlari muzlatiladi. Ularning ulushi 50% yoki undan yuqori boʻlgan har qanday kompaniyalar ham bloklanishi mumkin.

Shu bilan birga, bu shaxslarga AQSh davlat departamenti tomonidan viza cheklovlari qoʻyildi.

Maʼlumot oʻrnida, rossiyalik huquq maslahatchisi Sergey Magnitskiy nomi bilan atalgan qonun 2012 yilda uning tergov izolyatoridagi oʻlimiga aloqador shaxslarni jazolash uchun qabul qilingan. Toʻrt yil oʻtgach, qonun "global" maqomini oldi va AQShga butun dunyo boʻylab inson huquqlarini buzuvchilar va korrupsionerlarga qarshi viza va moliyaviy cheklovlarni joriy etish imkonini berdi.

Eslatib oʻtamiz, 2022 yil sentabr oyida jinoyat ishlari boʻyicha Xiva tumani sudi Yulduz Xudaybergenovani 5,5 yilga, Anvar Kuryazov va Oybek Masharipovni esa 1,5 yilga ozodlikdan cheklashga hukm qilgandi.

Ommaviy norozilikdan soʻng ish qayta koʻrib chiqish uchun qaytarilgan. Ular moddaning eski tahririda nazarda tutilgan eng yuqori jazoni olib, 3 yilga qamalgan. Ayblanuvchilarga nisbatan qoʻllangan "garov" tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqqa olingan.

Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Artikova mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada boʻlgan sobiq amaldorlarga nisbatan qoʻyilgan ayblovlar toʻgʻri saralanganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, zoʻrlash faktlari tasdiqlanmagan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid