Qonunchilik palatasi davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunni ikkinchi oʻqishda maʼqulladi
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasidagi mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilash uchun unga 100 mlrd soʻm ajratiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida "2025 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilib, maʼqullandi.
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari tomonidan berilgan takliflarga koʻra "Tirik tarix" filmlar turkumini yaratish uchun qoʻshimcha 40 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilmoqda.
"Adolat" SDP fraksiyasi aʼzolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) instituti moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha bergan takliflari asosli deb topilib, qoʻshimcha 3,1 mlrd.soʻm mablagʻ ajratiladi.
XDP taklifiga koʻra esa Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil etish xarajatlari uchun qoʻshimcha 10,6 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasidagi mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilash, transchegaraviy garmsel shamollari va chang-qum boʻronlarining atrof-muhitga zararli taʼsirlarining oldini olish boʻyicha bildirgan taklifi qanoatlantirildi.
Ushbu loyiha uchun qoʻshimcha 100 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilmoqda.
Bundan tashqari, fraksiya aʼzolarining taklifiga koʻra, Qoraqalpogʻistonda oʻrmonchilik sohasi ilmiy-tajriba stansiyasini tashqil etish xarajatlar uchun qoʻshimcha 9,5 mlrd.soʻm mablagʻlar beriladi.
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari bildirgan taklifiga muvofiq ogʻir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va yordam koʻrsatish uchun Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga qoʻshimcha 35,5 mlrd. soʻm sarflanadi.