platina.uz
Jamiyat

Koʻp qavatli uylarga issiqlik yetkazish boʻyicha gaz tariflari pasaytirildi

Shu paytgacha toʻlovlar va hisob-kitoblar eski tarifda 4 barobargacha qimmat tariflarda hisoblanib kelingan edi.

Koʻp qavatli uylarga issiqlik yetkazish boʻyicha gaz tariflari pasaytirildi

Raqobat qoʻmitasi tashabbusi bilan koʻp qavatli uylarga issiqlik yetkazish boʻyicha gaz tariflari pasaytirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 204-son qaroriga koʻra, 1 may kunidan tabiiy gaz uchun bazaviy meʼyor va tariflar belgilangan edi.

Shuningdek, 2024 yil 31 mayda Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari tasdiqlangan. Uning 111-bandiga asosan, maishiy isteʼmolchini gaz bilan taʼminlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondiga, yuridik shaxslar yotoqxonalariga, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga hamda aholi ehtiyojlari uchun lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz boʻyicha toʻlovlar va hisob-kitoblar kommunal-maishiy isteʼmolchilar uchun belgilangan tariflar va shartlar asosida amalga oshirilishi qayd etilgan.

Mazkur talab asosida aholi ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasi yetkazib berishda qozonxonalarda meʼyordan ortiq tabiiy gaz isteʼmol qilingan. Natijada toʻlovlar va hisob-kitoblar 4 barobargacha qimmat tariflarda hisoblanib kelingan.

Buning oqibatida aholi lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasidan foydalanishda qimmat narxlarda toʻlash lozim boʻlgan.

Shu sababli Raqobat qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda takliflar ishlab chiqilib, Hukumatga kiritildi.

Ushbu takliflarni inobatga olib Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandiga tegishli oʻzgartirish kiritildi.

Natijada maishiy isteʼmolchilarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondidagi, yuridik shaxslar yotoqxonalaridagi, koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlaridagi lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz boʻyicha toʻlovlar va hisob-kitoblar maishiy isteʼmolchilar uchun bazaviy meʼyor boʻyicha belgilangan tarif asosida (yaʼni amalda 650 soʻm) amalga oshirilishi qayd etildi.

Endilikda, aholi ehtiyojlari uchun yuqoridagi subʼektlardagi lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasi yetkazib berish xizmatlari tariflari mutanosib ravishda kamayishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid