Yillar davomida eʼtibordan chetda boʻlgan: "Joʻraobod"da qanday oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda?
50 yildan buyon mahalla qarovsiz, oddiygina sharoitlarga ham ega emasdi. Hozir mazkur hududda 220 ta xonadon mavjud boʻlib, unda mingdan ziyod aholi yashamoqda.
Prezident topshirigʻiga asosan joriy yilning noyabr oyidan boshlab yillarki eʼtibordan chetda boʻlgan Boʻka tumanidagi “Joʻraobod” mahallasi “Guliston” qishlogʻi infratuzilmasini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamdagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Ishlar Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonasi boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan qator mutasaddi vazirlik va idoralar, Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda mazkur hududda 220 ta xonadon mavjud boʻlib, unda 1 mingdan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. 50 yildan buyon “Joʻraobod” mahallasi qarovsiz, oddiygina sharoitlarga ham ega emasdi. Bugun respublika miqyosidagi idora va vazirlik vakillari bilan mahalliy aholi ham bir maqsadda, obodlik va bunyodkorlik harakatlariga bosh qoʻshmoqda.
Xususan, qishloq ichki infratuzilmasini yaxshilash maqsadida markaziy yoʻlning 4 km qismi asfalt qoplamasi bilan kapital taʼmirlash uchun tayyorlandi va ushbu yoʻl yoqasidagi notekis joylarning 5 ming metr kvadratdan ziyod qismi tekislandi. Shuningdek ichki koʻchalarning 1,6 km qismiga shagʻal yotqizildi. Karta usulida 3 qismiga asfalt yotqizildi. 780 metr piyodalar yoʻlagiga beton qorishmasi quyildi. Undan tashqari ichki koʻchalarning 2 km uzunlikdagi qismiga quyosh nuridan quvvat oladigan tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi.
Aholiga elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida qishloqda yaroqsiz holatga kelib qolgan 165 ta simyogʻoch ustunlari yangi temir beton ustunlarga almashtirildi, mavjud 4 ta transformatorlar mukammal taʼmirlandi. Shuningdek, 12 km.ga yaqin eski elektr tarmoqlari yangi sip kabellariga alamashtirildi.
Ichimlik va ekin uchun suv taʼminotini yaxshilash borasida ham ishlar jadal amalga oshirilmoqda. Jumladan, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha rejadagi 5 km tarmoqning 1 500 metr qismi yotqizildi, mavjud 3 ta suv inshooti kapital taʼmirlandi.
Hududdagi 4,7 km uzunlikdagi ariq-zovurlarning 3,1 km qismi tozalandi hamda aholi tomorqalariga jami 5 km.ga yaqin uzunlikdagi oqava suv yoʻllari taʼmirlandi yoki yangidan ochildi.
Natijada, 220 ta xonadonlarda jami 12.7 gektarni tashkil etuvchi tomorqalarni sugʻorish imkoni paydo boʻldi. Hozirda ushbu maydonlarning 8.7 gektariga “toʻqsonbosdi” ekinlar ekildi.
Rejada qishloqda yana 10 ta tik quduqlarni oʻrnatish hamda hududdagi “Chillisoy” kanaliga suv nasosini oʻrnatish orqali fermer va dehqon xoʻjaliklari yerlarini sugʻorish tizimini yaratish loyihalari belgilandi.
Bundan tashqari, hudud infratuzilmasi hamda ahli turmush tarzini tubdan yaxshilash maqsadida “Joʻraobod” mahallasi uchun zamonaviy xizmat binosi, uning yonida avtobekat hamda aholiga sartaroshlik, ayollar goʻzallik saloni, maishiy texnikalarni sozlash, savdo doʻkonlari kabi qator xizmat koʻrsatish markazini tashkil etish boʻyicha zamonaviy shaharsozlik qoidalari asosida 4 ta kompleks loyiha ishlab chiqilib, viloyat tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilishi boshlandi.
Bundan tashqari, qishloqda 300 oʻrinli yangi, barcha taʼlim talablariga javob beradigan maktab va sport zalini qurish, mavjud 30-maktabda joylashgan eski bogʻcha binosini kapital taʼmirlash va unda zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish boʻyicha ishlar boshlab yuborildi.
Shu bilan bir qatorda qishloq hududida vorkaut maydonchasini qurish boʻyicha ishlari amalga oshirildi, “kurash” sport turiga ixtisoslashgan klub hamda bolalar maydonchasini taʼmirlash va obodonlashtirish boʻyicha ishlari amalga oshirildi.
Qishloqdagi tibbiyot punkti joriy taʼmirlandi, xususan uning shift qismi almashtirildi, yoritish chiroqlari va konditsioner oʻrnatildi, shuningdek punkt dori-darmonlar bilan toʻliq taʼminlandi, tomorqasida gulxona tashkil qilindi. Internet aloqasi oʻrnatilib, aholining elektron roʻyxati shakillantirildi. Amaliyot va potronaj xamshiralari doimiy faoliyat boshladi.
Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.