Toshkentda elektr va issiqlikni behuda sarflashga qarshi reydlar tashkil etildi
Unda Prezident administratsiyasi, prokuratura organlari va boshqa masʼul xodimlar qatnashgan.

Toshkentda "elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash boʻyicha" reydlar oʻtkazilmoqda. Unda Prezident administratsiyasi, prokuratura organlari va boshqa masʼul xodimlar qatnashmoqda.
Masalan, Mirobod tumani hokimligi xabariga koʻra, 30 noyabr kuni tumanda Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari hamda tuman prokurori Bobur Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan.

Natijada kunduz kuni chiroq va reklama vositalarida elektr energiyasidan asossiz foydalangan yuridik isteʼmolchilarga nisbatan 10 ta maʼmuriy bayonnoma tuzilgan.
Yakksaroy tumani hokimligining maʼlum qilishicha, 1 dekabr kuni tumanda tuman hokimligi, prokuratura hamda tegishli idoralar ishtirokida maxsus ishchi guruh tomonidan reyd tadbirlari oʻtkazilgan. Unda tumanning markaziy koʻchalarida kunduz vaqtida chiroqlar yoki reklama vositalari orqali elektr energiyasidan asossiz foydalangan ayrim yuridik isteʼmolchilar aniqlanib, ularga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Chilonzor tumanida Bosh prokuratura va “Oʻzenergoinspeksiya” boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan reydlar oʻtkazilgan.

Yunusobod tumanida Prezident Adminstratsiyasi masʼullari, tuman hokimligi, sektor rahbarlari energiya manbaalaridan tejamkorlik bilan foydalanish boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilgan.
Shuningdek, Yunusobod dehqon bozori hududidagi savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida ham reyd tadbirlari oʻtkazilgan. Kunning yorugʻ vaqtida elektr energiyasidan foydalanilgani uchun bir necha tadbirkorlarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar tuzilgan.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 100-moddasiga koʻra, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha jarima solishga sabab boʻladi.




