Osiyo oʻyinlari boshqa davlatga koʻchirilganiga izoh berildi
Milliy olimpiya qoʻmitasi izohiga koʻra, pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgan.

Oʻzbekistonda oʻtishi kerak boʻlgan Osiyo oʻyinlari boshqa davlatga koʻchirilganiga rasmiy izoh berildi.
Milliy olimpiya qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, "pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgani va foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda Oʻzbekiston tomoni Osiyo olimpiya kengashidan musobaqani yana bir yilga surishni soʻragan".
Biroq Olimpiya sport turlaridagi bellashuvlar kelgusida Dakar-2026 oʻsmirlar yozgi Olimpiya oʻyinlariga saralash vazifasini bajarishi nazarda tutilgani bois OOK III yoshlar Osiyo oʻyinlari 2025 yilda tashkil etilishi muhimligini bildirdi.
Shu tufayli, OOK III yoshlar Osiyo oʻyinlari mezbonligini Bahraynga topshirgan va Oʻzbekistonga Islom birdamligi oʻyinlari yoki Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari kabi kattalar miqyosidagi yirik kompleks tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrishni tavsiya qilgan.
Avvalroq Osiyo oʻyinlaridan keyin Olimpiya shaharchasidan samarali foydalanish rejalari haqida ham maʼlumot berilgan. Prezident bu joy mamlakat sportining ilmiy, amaliy, oʻquv-mashgʻulot markazi boʻlishini taʼkidlagan.
Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqotlar instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi Olimpiya shaharchasiga joylashtiriladi. Professional sportchilarni tayyorlash va mahoratini oshirish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Hududiy sport tashkilotlarining shaharcha infratuzilmasidan foydalanishi yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, bu yerda “aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etilishi, umuman, shaharcha sport va sogʻlomlashtirish markazi sifatida uzoq yillar xalqimizga xizmat qilishi maʼlum qilingan.