Jahon yangi narkotik epidemiyasi arafasida
Geroin va kokaindan bir necha baravar kuchli, oʻlim boʻyicha karrasiga xavfli bu modda hozir AQSh aholisining “jallodi”ga aylanmoqda.
Amerika Qoʻshma Shtatlari olimlari giyohvand moddalarning ortiqcha dozasidan oʻlish holatlari keskin koʻpaygani haqida bong urishmoqda. Har yili 100 mingga yaqin giyohvandlar shu muammo tufayli vafot etgan. Bu oʻlimlarning aksariyati – 66 foizi geroindan ham kuchli taʼsir qiluvchi kuchli sintetik opioid – fentanil bilan bogʻliq.
Noqonuniy tarqalayotgan fentanil bois, oxirgi 10 yil ichida AQShda bunday oʻlim holatlari 2 baravarga koʻpaygan.
Fentanil kuchli sintetik opioid boʻlib, u morfindan 50-100 marta va geroindan 30-50 marta kuchliroq modda hisoblanadi. U dastlab tibbiy maqsadlarda, masalan, jarrohlik yoki saratondan keyingi oʻtkir ogʻriqlardan jabr chekayotgan bemorlardagi ogʻriqni qoldirish uchun ishlab chiqilgan. Hozir ham turli jarrohlik operatsiyalari va boshqa zarur hollarda fentanil preparati faol qoʻllanadi.
Biroq fentanil oʻzining yuqori taʼsir samaradorligi hamda tezda narkotik qaramlikni keltirib chiqarish xususiyati tufayli unga giyohvandlarning talabi oshib bormoqda. Bugungi kunda fentanil va uning hosilalari butun dunyo boʻylab millionlab odamlarning sogʻligʻiga tahdid soladigan yangi dori epidemiyasiga sabab boʻlyapti.
Fentanilning nimasi xavfli?
Fentanilning asosiy tahdidi – uning tengi yoʻq taʼsir kuchida. Fentanil geroindan ham bir necha baravar kuchli taʼsir qiladi. Fentanilning hatto kichik dozalari oʻlimga olib kelishi mumkin. Taqqoslash uchun, fentanilning oʻlimga olib keladigan dozasi atigi 2 milligrammni tashkil qiladi, bu taxminan bitta kichik tuz donasining oʻlchamiga teng. Ushbu yuqori zaharlilik, ayniqsa, giyohvand moddalarni isteʼmol qilayotganini bilmaganlar yoki tasodifan duch kelganlar uchun, masalan, geroin yoki kokain bilan aralashtirilganda, uni yanada xavfliroq qiladi.
Bundan tashqari, fentanilga juda tez oʻrganib, qaram boʻlib qolish mumkin. Chunki u boshqa opioidlar kabi bir xil miya retseptorlariga taʼsir qilsa-da, kuchliroq taʼsirga ega. Bu hatto tajribali giyohvandlarda ham ortiqcha dozadan oʻlib qolish ehtimolini oshiradi. Fentanilning bu xususiyatlari uning zaif aholi qatlamlari orasida tez tarqalishiga yordam beradi va uni anʼanaviy dorilarga qaraganda ancha xavfliroq qiladi.
Fentanilning tarqalishi
Fentanil hozirda AQSh va boshqa mamlakatlarda giyohvand moddalarning ortiqcha dozasidan oʻlim holatlari koʻpayishiga sababchi boʻlmoqda. AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) maʼlumotlariga koʻra, 2013 yildan beri Qoʻshma Shtatlarda fentanil bilan ortiqcha dozadan oʻlim holatlari sezilarli darajada koʻpaygan. Birgina 2021 yilda fentanil mamlakatdagi barcha giyohvand moddalar tufayli oʻlim holatlarining 70% dan ortigʻiga sabab boʻlgan. Hozirda Meksika va Xitoy fentanilning AQSh va boshqa mamlakatlarga kiradigan ikkita asosiy manbalaridir.
Meksika fentanil uchun asosiy tranzit markaz boʻlib, u yer osti laboratoriyalarida noqonuniy ishlab chiqariladi va chegara orqali AQShga joʻnatiladi. Fentanilni ishlab chiqarish uchun zaruriy tarkibiy qismlar esa Xitoydan olib kelinadi. Soʻnggi yillarda fentanilni ishlab chiqarish va tashishni nazorat qiluvchi kartellar uning taʼminotini sezilarli darajada oshirib, giyohvandlik va undan oʻlish holatlari muammosini kuchaytirmoqda.
Trampning fentanilga munosabati
Mutaxassislar va siyosatchilar, jumladan, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp muhojirlarning giyohvand moddalar, jumladan, fentanil tarqatilishi muammosini bir necha bor koʻtarib chiqdi. Tramp oʻz chiqishlarida giyohvand moddalarning aksariyati, jumladan, fentanil ham Meksikadan kelishi va kartellar AQSh chegarasi orqali giyohvand moddalarni tashish uchun migrantlardan faol foydalanishini taʼkidladi.
Tramp oʻz nutqlarida shunday dedi: “Biz davlatimizni giyohvand moddalardan himoya qilishimiz kerak. Janubiy chegarani kesib oʻtgan muhojirlar koʻpincha oʻzlari bilan giyohvand moddalarni olib kelishadi va fentanil Meksikadan chiqadigan eng halokatli dorilardan biridir. Biz buni toʻxtatishimiz kerak”. Shuningdek, u narkotiklar oqimini jilovlash va giyohvand moddalar bilan bogʻliq jinoyatlarni kamaytirish uchun Meksika bilan chegarada devor qurish muhimligini taʼkidladi.
Tramp 2024 yilgi saylovoldi kampaniyasida narkotiklarga qarshi qattiq kurash olib borishni vaʼda qilgan. U Oq uyga qaytganida fentanilning mamlakatga kirib kelishini toʻxtatish uchun qoʻlidan keladigan barcha ishni qilishini aytgan.
Tramp, shuningdek, fentanil kontrabandasi uchun jazo choralarini kuchaytirishga qaratilgan qator qonunchilik tashabbuslarini taklif qildi, jumladan, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va savdosi bilan shugʻullanuvchilarga nisbatan qattiqroq jazo choralari. “Biz bu yovuzlikka qarshi kurashamiz. Maqsadimiz amerikaliklarning hayotini yoʻq qilayotgan kartellarning oʻzini yoʻq qilish va minglab odamlarning hayotiga zomin boʻlayotgan fentanil oqimini toʻxtatishdir”, deb taʼkidladi Tramp oʻz intervyularidan birida.
Aysbergning koʻringan qismi
Fentanil nafaqat bozorda yangi dori, balki oʻn minglab odamlar uchun halokatli oqibatlarga olib kelgan jiddiy tahdiddir. Uning yuqori taʼsiri va dozasini oshirib yuborish xavfi uni sogʻliqni saqlash va huquqni muhofaza qilish organlari uchun alohida muammoga aylantiradi. Fentanilning keng tarqalish muammosi kontrabanda, shu jumladan, Meksika chegarasi orqali olib kirish qiyinlashishi mumkin.
AQShning Narkotiklarga qarshi kurash federal agentligining maʼlum qilishicha, ular birgina 2022 yilda 379 mln doza fentanilni musodara qilishgan. Bu ogʻuning 2 milligrami odamni oʻldirishi inobatga olinsa, Amerikaga 1 yilda kirib kelayotgan fentanil butun mamlakat aholisini qirib yuborish uchun yetarli boʻladi. Tagʻin bu qoʻlga tushirilgani, undan 10 baravar, ehtimol 100 baravar koʻp miqdordagi fentanil aholi orasida oʻz qora ishini kuniga yetkazmoqda, ehtimol.
Ayni paytda giyohvandlikka qarshi kurashga qaratilgan bayonotlar va saʼy-harakatlarga qaramay, dunyo yangi giyohvandlik epidemiyasi yoqasida turibdi. Shuni yodda tutish kerakki, bu muammoni hal qilish nafaqat chegaralarni mustahkamlash va kartellarga qarshi kurashish, balki jamiyatning barcha qatlamlarida giyohvandlarni davolash va giyohvandlikning oldini olishga tizimli yondashuv talab etiladi.