Andijonda issiq taʼminoti narxi oshirildi
Ishlab chiqariladigan 1 Gkal issiqlik narxi 97 ming soʻmdan 112 ming soʻmgacha koʻtarilishi belgilangan.

Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi qarori bilan issiqlik taʼminoti tariflari oshirildi. 2024 yil 30 noyabr kuni tegishli hujjat eʼlon qilingan.
Unda aytilishicha "issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun tarif darajalarining pastligi xamda xarajatlarini toʻliq qoplamasligi sababli, korxonalarning moliyaviy holati qoniqarsiz ahvolda, sohaga xususiy biznes vakillarining qiziqishi deyarli mavjud emasligi, amaldagi tariflarning korxonalar xarajatlarini qoplash darajasi respublika
boʻyicha oʻrtacha 5 foizini tashkil qilishi" taʼkidlangan.
Shu munosabat bilan viloyatda markaziy issiqlik taʼminoti boʻyicha kommunal xizmatlar 15 foizgacha oshirilmoqda.
Jumladan, ishlab chiqariladigan 1 Gkal issiqlik narxi 97 ming soʻmdan 112 ming soʻmgacha, isitish mavsumida 1 kunga 1 metr kvadrat uchun isitish narxi 61,6 soʻmdan 70,9 soʻmgacha oshirildi.
Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan (30 noyabr) kuchga kirishi belgilangan.