Yoshlar tadbirkorligi yoʻnalishida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi
“Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida oʻtkazilgan ochiq muloqotda taniqli tadbirkorlar — Jahongir Ortiqxoʻjayev, Bektosh Hotamov, Bekzod Samigjonov, Hasan Mamasaidovlar ishtirok etib, yoshlarga oʻzlarining maslahat va tavsiyalarini berishdi.
29 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Zakovat arena”da “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida yoshlar tadbirkorligi yoʻnalishida ochiq muloqot oʻtkazildi.
Unda telejurnalist Hamza Jumayev, “J-United Group” kompaniyalar guruhi asoschisi Jahongir Ortiqxoʻjayev, “Profi” taʼlim klasteri asoschisi Bektosh Hotamov, “Safia” qandolat mahsulotlari tarmogʻi asoschilaridan biri Bekzod Samigjonov, “Dekos” kompaniyasi rahbari Hasan Mamasaidov ishtirok etishdi.
Ochiq muloqotdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarning iqtisodiy bilimlarini oshirish va ularni oʻz bizneslarini boshlashga turtki berish, shuningdek, yoshlar uchun tadbirkorlikni boshlash boʻyicha zarur bilim va koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida muvaffaqiyatli tadbirkorlar va biznes sohasining mutaxassislari bilan tajriba almashish imkoniyatini yaratish, yosh tadbirkorlarning innovatsion gʻoyalarini rivojlantirishga koʻmaklashish, tadbirkorlikka oid muhim masalalarni muhokama qilish va amaliy yechimlar taklif qilishdan iborat.
Bu kabi ochiq muloqotlar nafaqat yoshlarning tadbirkorlik sohasiga intilishlarini oshirishga xizmat qiladi, balki ularni zamonaviy biznes texnologiyalari va imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qiziqtiradi.
Muloqotda taniqli va tajribali biznes egalari oʻzlarining maslahat va tavsiyalarini yoshlar bilan boʻlishdi. Bundan tashqari, yigit-qizlar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi.