platina.uz
Jamiyat

Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan qator hokim va mansabdorlar jazolandi

Bu qishga tayyorgarlik jarayonidagi kamchiliklar bilan bogʻliq. Xususan, Qoraqalpogʻiston suv xoʻjaligi vaziri, Andijon, Namangan va Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosarlariga “hayfsan” eʼlon qilindi. 

Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan qator hokim va mansabdorlar jazolandi

Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan qator hokim va mansabdorlarga jazo qoʻllanildi.

Qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish va uni betalafot oʻtkazish, isteʼmolchilarga yoqilgʻi-energiya resurslarini barqaror yetkazib berish hamda ularni tejash boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻygan ayrim rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilindi.

Mazkur hujjatga asosan hududlardagi bir qator masʼullarga intizomiy jazo qoʻllanilgan.

Xususan, elektr energiyasi va tabiiy gazni iqtisod qilish boʻyicha belgilangan rejaga amal qilmagani, energiya resurslaridan foydalanishda limitdan oshishiga yoʻl qoʻygani hamda nazoratni taʼminlamagani uchun Oqoltin tumani hokimi K.Ernazarov, Mirzaobod tumani hokimi O.Raxmonqulov, Boʻstonliq tumani hokimi J.Axmedov, Bekobod tumani hokimi Sh.Doʻsbekov, Zangiota tumani hokimi E.Rustamov, Toshkent tumani hokimi S.Ergashev, Yangiyoʻl tumani hokimi O.Ataullayev, Qoʻqon shahar hokimi M.Usmonov, Bogʻdod tumani hokimi Gʻ.Soliyev, Beshariq tumani hokimi R.Joʻrayev, Soʻx tumani hokimi S.Saidmusayev, Furqat tumani hokimi E.Asronkulovga “hayfsan” berildi.

Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilinishiga yoʻl qoʻygani uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri B.Juzbayev, Andijon viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari K.Komilov, Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Gʻ.Murodxoʻjayev, Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari O.Sultanbekov, Andijon tumani hokimi B.Yuldashev, Beruniy tumani hokimi I.Xidirovga “hayfsan” eʼlon qilindi.

Bundan tashqari, hududlarda aholiga koʻmir tarqatishni kechiktirish, sifatsiz koʻmir tarqatish kabi holatlar juda koʻp kuzatilgani hamda ushbu holatlarni zarur darajada nazoratga olmagani uchun “Oʻzbekkoʻmir” AJ bosh direktori oʻrinbosari E.Yakubov oxirgi marta ogohlantirildi.

Farmoyish bilan tegishli vazirlik va idoralarga koʻrsatilgan shahar hamda tumanlar sektor rahbarlari faoliyatiga baho berib, ularga nisbatan tegishli chora koʻrish hamda natijalari toʻgʻrisida bir kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritish topshirildi, deyiladi xabarda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid