Koʻrik-tanlov shaffof oʻtyaptimi?
Maktab oʻquvchilari oʻrtasida "Jadidlar izidan" respublika koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtmoqda.

Joriy yil umumiy oʻrta taʼlim maktabining 6-10-oʻquvchilari oʻrtasida ilk bor "Jadidlar izidan" respublika koʻrik-tanlovi tashkil qilindi.
Unda buyuk jadid alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy maʼnaviy merosini keng targʻib qilish orqali oʻquvchilarni kitobxonlikka jalb etish, maʼnaviy dunyosini boyitish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash koʻnikmasini shakllantirish, shu bilan birga, jadidlar ilmiy-madaniy merosini yoshlar onggiga singdirish maqsad qilingan. Xoʻsh, tanlov qay darajada shaffof oʻtkazilmoqda?
Tanlovning dastlabki bosqichi tuman va shaharlarda umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi oʻquvchilar oʻrtasida joriy yilning oktabr oyida oʻtkazildi. Mazkur bosqichda ishtirokchilar jadidlar hayoti va ijodi boʻyicha 2 ta shart asosida saralab olindi.

Qizgʻin va hayajonli bahs-munozaralarga boy tarzda kechgan ikkinchi bosqich, yaʼni tanlovning hududiy bosqichi noyabr oyida yoshlarni yana bir karra bir maqsad ostida birlashtirdi. Unda viloyat miqyosida jadidlar bilimdonlari respublika bosqichida ishtirok etish uchun oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdi. Shuningdek, ishtirokchilar "Boshqotirma", "Jadidlar hayoti va ijodi" (tezkor savol-javob), "Asar tahlili" kabi shartlar boʻyicha bellashdi.

Yakuniy bosqichda yosh bilimdonlarni yanada murakkab sinovlar kutmoqda. Unda respublika miqyosida saralangan eng kuchli bilimdonlar tezkor savol-javob, asar tahlili, erkin fikr va insho yozish kabi shartlarda oʻzaro intellektual kurash olib boradi. Bellashuv yakunida har bir sinf toifasi boʻyicha ishtirokchilarning barcha shartlardagi natijalari qoʻshib hisoblanganda eng yuqori ball toʻplagan ishtirokchilar orasidan 1, 2 va 3-oʻrin egalari aniqlanadi. Agar ishtirokchilar oʻrtasida umumiy ballar teng boʻlib qolsa, Hakamlar hayʼati tomonidan qoʻshimcha savollar berish orqali gʻoliblar aniqlanadi.

Tanlovda ishtirokchilarga tayyorgarlik koʻrishi uchun vaqt berilmaydi. Bunda oʻquvchilar hech kim bilan muloqot qilmaydi va toʻgʻridan-toʻgʻri savolga javob beradi. Qolaversa, tanlov oʻtkazilayotgan har bir hududda kamera nazorati oʻrnatilgan. Har bir hududiy bosqich tasvirga olinib, tanlovning YouTube platformasidagi sahifasida joylashtiriladi. Shuningdek, tanlov natijasi boʻyicha berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun uch kishidan iborat Apellyatsiya komissiyasi ham tashkil etilgan.