Suriyadagi "urush olovi" qaytadan yoqilmoqdami? Soʻnggi maʼlumotlar
Mamlakatda 2020 yil martidagi kelishuvdan soʻng yirik faol harbiy harakatlar kuzatildi. Dastlab hukumatga muxoliflar hujumga oʻtib, mamlakatning yirik shahri boʻlgan Halabga yaqinlashdi.

Suriyada muxolifat qoʻshinlari va hukumat oʻrtasida jangovar harakatlar qaytadan boshlandi.
Muxolif kuchlar dastlab keng koʻlamli hujumga oʻtib, Aleppo shahri tomon harakatlangan. Bu haqda 28 noyabr kuni Haber Turk telekanali xabar berdi.
"Hayot Tahrir ash-Shom" guruhi jangarilari boshchiligidagi muxolifat guruhlari koalitsiyasi boshchiligidagi operatsiya davomida Bashar al-Assad nazorati ostidagi Halab viloyatining shimoli-gʻarbidagi kamida 34 ta aholi punkti qoʻlga olindi", — deya xabar bermoqda jurnalistlar.
Jurnalistlarning qayd etishicha, quruqlikdagi operatsiya natijasida allaqachon 132 kishi halok boʻlgan. Ular, shuningdek, bu "2020 yil mart oyida eʼlon qilingan oʻt ochishni toʻxtatishdan keyingi birinchi keng koʻlamli hujum" ekanini taʼkidlamoqda.
Suriya armiyasi muxolifat guruhlari XTS (Hayat Tahrir ash-Shom) nazorati ostidagi Halab shahri chekkasidan taxminan oʻn kilometr masofaga, shuningdek, shialarning Noubl va Zahra shaharlaridan bir necha kilometr uzoqlikda oldinga oʻtganini aytdi. Bu yerda "Hizbulloh" jangarilarining istehkomlari joylashgan.
Halab va Idlib viloyatlarida ikki kun davom etgan janglarda muxolif guruhlar 400 kvadrat kilometr maydonni nazoratga olgani xabar qilingan.
Bunga javoban Rossiya harbiy samolyotlari Halab viloyati gʻarbidagi Daret Izzax va Atarib hududlariga zarbalar berdi. Havo hujumlari natijasida 12 nafar tinch aholi vakili halok boʻlgan, 30 ga yaqin kishi jarohatlangan. Koʻplab binolar va savdo obʼektlari ham zarar koʻrdi.
"Hayat Tahrir ash-Shom"ning aytishicha, operatsiya soʻnggi haftalarda Rossiya va Suriya havo kuchlarining Idlib janubidagi hududlarda tinch aholiga qarshi hujumlarini kuchaytirganiga javoban amalga oshirilgan.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, yuzlab oilalar Turkiya chegarasidagi xavfsiz hududlarga qochib ketgan.
Suriyadagi fuqarolar urushi 2011 yilda hukumatga qarshi namoyishlardan soʻng boshlangan, norozilik ishtirokchilari islohotlar talab qildi, namoyishlar qurolli toʻqnashuvga aylangan.
Muxolifat ortidan jangari guruhlar ham fuqarolar urushiga kirishdi. BMT Inson huquqlari boʻyicha boshqarmasi hisobotiga koʻra, oʻn yil ichida, 2021 yilga kelib, 306,8 ming tinch aholi toʻgʻridan-toʻgʻri jangovar harakatlar natijasida halok boʻlgan, bu urush boshidagi Suriya umumiy aholisining 1,5 foizini tashkil qilgan. BMT eʼlon qilgan raqamlarga mojaroda halok boʻlgan askarlar va isyonchilar kiritilmagan – ularning soni oʻn minglab kishilar ekani taxmin qilinmoqda.