platina.uz

Kambagʻallik va ishsizlikni yoʻqotishda Buxorodagi ishlar qoniqarsiz deb topildi

Shavkat Mirziyoyev raisligida tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda viloyatning iqtisodiy koʻrsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytilgan.

Jamiyat
29-noyabr, 18:06
Kambagʻallik va ishsizlikni yoʻqotishda Buxorodagi ishlar qoniqarsiz deb topildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 noyabr kuni Buxoro viloyatida qoʻshimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, investitsiya va ish oʻrinlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda viloyatning iqtisodiy koʻrsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytildi. Investitsiyalarni oʻzlashtirish, kambagʻallik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois hokimlar, ularning oʻrinbosarlari va sektor rahbarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga oʻtadi. Butun eʼtibor shu uchta yoʻnalishni yaxshilashga qaratiladi. Xususan, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari asosida 70 ta drayver loyihani amalga oshirib, 150 ming odamni daromadli qilish, 40 ming kishini kambagʻallikdan chiqarish lozim.

Masalan, Peshku va Shofirkon tumanlarini qurilish materiallari hamda toʻqimachilikka, Kogon shahri, Olot va Jondor oziq-ovqat, Gʻijduvon va Romitanni kimyo sanoatiga ixtisoslashtirish kerak. Bu tadbirkorlarning 150 million dollarlik loyihalariga yoʻl ochadi. Buning samarasida 411 ta kichik korxona, 12 mingta ish oʻrni paydo boʻladi.

Vobkent, Qorakoʻl, Jondor va Olotda 320 million dollarlik 4 ta toʻqimachilik korxonasi qurish loyihalari bor. Natijada tayyor trikotaj va toʻqimachilik mahsulotlari hajmi 2 barobar oshadi, 5 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Kelgusi yil Buxoroda xorijiy turistlar soni 2,2 millionga, turizm eksporti 600 million dollarga yetishi kutilmoqda. 69 ta yangi mehmonxona, 2 mingta hunarmandchilik rasta va doʻkonlari barpo etilishi bunga katta hissa qoʻshadi.

Qoʻshimcha 20 ming gektar yer maydonlarini oʻzlashtirish moʻljallangan. Buning hisobiga qoʻshimcha 100 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi va 2 ming nafar aholi bandligi taʼminlanadi. Tomorqalar, dala cheti va kanallar atrofidagi boʻsh yerlarda ham qoʻshimcha daraxt va oziq-ovqat mahsulotlari ekiladi.

Buxoro viloyatida 2 million gektardan ziyod yaylovlar bor. Hozir foydalanilmayotgan yaylovlarda pista yetishtirish rejalashtirilmoqda.

Yigʻilishda Buxoro viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi. Umuman, kelgusi yilda 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga 106 ta loyihani amalga oshirish moʻljallangani aytildi. Ularda 105 mingta doimiy ish oʻrni yaratiladi, 350 million dollar eksport boʻladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+