Gruziyada namoyishchilar va politsiya oʻrtasida toʻqnashuvlar roʻy berdi
Bosh vazir Irakliy Koxabidzening Yevropa ittifoqiga kirish masalasi vaqtincha toʻxtatilgani haqidagi bayonoti noroziliklarga sabab boʻldi.

Tbilisida bosh vazir Irakliy Koxabidze Yevropa Ittifoqiga aʼzolik masalasi 2028 yilgacha bekor qilinganini aytganidan keyin namoyishchilar Rustaveli xiyobonini toʻsib qoʻyishdi.
Bosh vazir buni Gruziya 2014 yilda YeI bilan imzolagan assotsiatsiya shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini "Yevropa Ittifoqidan hech qanday moliyaviy yordamsiz" bajarish niyatida ekanligi bilan izohladi.
Namoyishlar paytida Gruziya Ichki ishlar vazirligining maxsus boʻlinmalari odamlarni Tbilisi markazidagi Rustaveli xiyobonidan haydab chiqardi, hibsga olinganlar bor, deb xabar beradi TASS muxbiri voqea joyidan. Politsiya namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va koʻzdan yosh oqizuvchi gaz ishlatib, miting "yigʻilishlar va namoyishlar toʻgʻrisidagi qonun doirasidan tashqariga chiqqani"ni maʼlum qilgan.
Parlament binosi oldidagi janjal natijasida kamida uch politsiyachi va Gruziyaning "TV Pirveli" telekanali operatori jarohatlangan.
Gruziya prezidenti Zurabishvili bosh vazir Koxabidzening bayonotini "davlat toʻntarishidagi soʻnggi nuqta" deb atagan.