Gigantlar jangi: Amazon va Alibaba
Ikkala gigantning kuchli va zaif tomonlari bor, lekin muvaffaqiyatining asosiy omili tez oʻzgaruvchan bozor sharoitlari va texnologik tendensiyalarga moslashish qobiliyati boʻlib qolmoqda.
Amazon va Alibaba elektron tijoratning ikkita global yetakchisi boʻlib, ularning biznes modellari va strategiyalari global darajada elektron tijorat bozorini shakllantirmoqda. Ikkala gigant ham dunyoning turli burchaklarida oʻz pozitsiyalarini mustahkamlagan boʻlsa-da, ayni paytda biznes yuritishda oʻziga xos yondashuvlarga ega. Amazon Shimoliy Amerika va Yevropada dominant bozor oʻyinchisi hisoblanadi, Alibaba esa Osiyoda, ayniqsa, Xitoyda taʼsirchan bozor ulushiga ega.
Biznes modellari: elektron tijoratga turlicha yondashuvlar
Amazon 1994 yilda Jeff Bezos tomonidan onlayn kitob doʻkoni sifatida tashkil etilgan va bugungi kunda u V2C (biznesdan isteʼmolchiga) modelida ishlaydigan eng yirik marketpleys hisoblanadi. Amazon’ning asosiy yoʻnalishi mahsulotlarni oʻz omborlari va logistika infratuzilmasi orqali bevosita isteʼmolchilarga sotishdir. Amazon shuningdek, uchinchi tomon sotuvchilari uchun platformani taqdim etadi, ammo sifat va logistika ustidan nazorat kompaniya qoʻlida qoladi.
1999 yilda Jek Ma tomonidan asos solingan Alibaba boshqa yoʻlni bosib, V2V va C2C (isteʼmolchidan isteʼmolchiga) modelini tanladi. Alibaba’ning asosiy faoliyati xaridorlar va sotuvchilar kompaniyaning bevosita aralashuvisiz savdo qilishlari mumkin boʻlgan onlayn platformalarni yaratishga qaratilgan. Alibaba’ning oʻz omborlari yoʻq va tovarlarni yetkazib bermaydi, bu vazifalarni uchinchi tomon kompaniyalariga topshiradi.
Asosiy farqlar
Amazon logistika infratuzilmasi, jumladan, omborlar, oʻz samolyotlari va transport tarmoqlariga katta sarmoya kiritmoqda.
Alibaba onlayn platformalarni ishlab chiqish va bulutli texnologiyalar va moliyaviy xizmatlar kabi raqamli biznes yechimlarini taqdim etishga eʼtibor qaratadi.
Moliyaviy koʻrsatkichlar va bozor ulushi
2024 yilga kelib, ikkala gigant ham sezilarli oʻsishni koʻrsatmoqda, ammo moliyaviy koʻrsatkichlari har xil.
Jumladan, Amazon’ning 2023 yildagi umumiy daromadi 514 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2022 yilga nisbatan 10 foizga koʻp. Kompaniyaning asosiy daromadi platformadagi sotuvlardan, jumladan, AQSh ichki bozoridagi sotuvlar, shuningdek, Amazon Prime obunalari va Amazon Web Services (AWS) bulutli xizmatlaridan tushadi. Bu kompaniyaga 90 mlrd dollar daromad keltirdi.
AWS kompaniyaning operatsion daromadining 70% dan ortigʻini hosil qiluvchi asosiy foyda manbai boʻlib qolmoqda.
2024 yil iyun oyida Amazon’ning bozor kapitallashuvi 2 trillion dollarga yetdi va bu uni dunyodagi eng qimmat kompaniyalardan biriga, shuningdek, 2 trln.li marradan oʻta olgan beshinchi AQSh kompaniyasiga aylantirdi.
Maʼlumot:
Bozor kapitalizatsiyasi (market capitalization) — obʼektning joriy davrdagi bozor (birja) qiymati asosida hisoblab chiqiladigan qiymat. Mazkur moliyaviy koʻrsatkichdan bozor instrumentlari va subʼektlarining umumiy qiymatini baholash uchun foydalaniladi.
Amazon 2024 yilda daromadli bayram mavsumini oʻtkazdi va kuchli savdo hamda AWS oʻsishi tufayli toʻrtinchi chorakda daromadni 14 foizga oshirdi.
Alibaba esa 2023 yilda 152 mlrd dollar daromad oldi, bu 2022 yilga nisbatan 7 foizga oshgan. Asosiy daromad manbalari – elektron tijorat platformalari (Taobao, Tmall) va bulutli Alibaba Cloud yechimlari boʻldi. Joriy yil ikkinchi choragida esa daromad oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga oshgan boʻlib, 33,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Alibaba Cloud’dan tushgan daromad oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga oshgan boʻlib, 4,2 mlrd dollarga yetgan.
Ayni paytda Alibaba Xitoyning elektron tijorat bozoridagi yetakchi mavqeini saqlab qolgan va Xitoydagi barcha onlayn tijoratning 62 foizini nazorat qiladi.
2024 yilda kompaniyaning bozor kapitallashuvi taxminan 240 mlrd dollarni tashkil etadi, bu 2020 yilga nisbatan Xitoy regulyatorlarining bosimi ortishi tufayli kamaygan.
Gap shundaki, 2020 yil dekabr oyida Xitoy antimonopoliya idorasi Alibaba tovar yetkazib beruvchilariga oʻz mahsulotlarini boshqa marketpleyslarga joylashtirishni taqiqlab qoʻygani bois ish ochgan edi. Antimonopal idora Alibaba’ni onlayn-reteyldagi raqobatga toʻsqinlik qilish, internet-iqtisodiyotdagi innovatsiyalarga taʼsir etish natijasida isteʼmolchilarga zarar yetkazishda ayblagan va kompaniyaga 2,78 mlrd dollarlik jarima solgan edi.
Koʻlamning kengayishi va xalqaro bozorlar
Har ikkala kompaniya ham oʻz bozorlaridan tashqarida ishtirokini faol kengaytirmoqda:
Amazon Yevropa va Shimoliy Amerikada oʻz mavqeini mustahkamlashga eʼtibor qaratmoqda, shuningdek, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyoda ulush olishga harakat qilmoqda. Biroq Amazon Hindiston bozorida Flipkart kabi mahalliy oʻyinchilarning qattiq raqobatiga duch kelmoqda.
Alibaba Osiyo va Afrikadagi rivojlanayotgan bozorlardagi ulushini kengaytirishga intilmoqda. U 2024 yilda ham xalqaro bozorlarga yoʻnaltirilgan AliExpress platformasini ishlab chiqishda davom etyapti. Kompaniya Sharqiy Yevropa va Afrikadagi elektron tijorat loyihalariga faol sarmoya kiritmoqda.
Innovatsion va texnologik ishlanmalar
Ikkala kompaniya ham texnologiya va innovatsiyalarni rivojlantirishga katta eʼtibor beryapti.
Amazon oʻzining AWS bulutli platformasini rivojlantirishda davom etmoqda, u global miqyosda taxminan 32 foizlik bozor ulushi bilan bulut texnologiyalari yetakchisi boʻlib qolyapti. Kompaniya, shuningdek, sunʼiy intellekt va robotlarga, ayniqsa, logistikaga katta sarmoya kirityapti. 2024 yilda Amazon qadoqlash va yetkazib berish jarayonini 30 foizga soddalashtira oladigan yangi avlod ombor robotlarini ishga tushirganini eʼlon qildi.
Alibaba kichik va oʻrta biznesni raqamlashtirishga eʼtibor qaratmoqda. Kompaniyaning bulutli platformasi Alibaba Cloud, taʼminot zanjirlarini yaxshilash uchun sunʼiy intellekt va big data maʼlumotlarni faol ravishda rivojlantirish bilan birga, taxminan 10 foizlik ulushi bilan jahon bozorida ikkinchi oʻrinni egallaydi. 2024 yilda kompaniya talabni prognozlash va savdo maydonchalarini optimallashtirish uchun yangi AI platformasini taqdim etdi.
Qiyinchiliklar va xavflar
Ikkala kompaniya ham oʻziga xos qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Amazon
Regulyatsiya bosimi. AQSh va Yevropa Ittifoqida Amazon’ning raqobatga qarshi amaliyotlari yuzasidan tekshiruvlar davom etmoqda. 2024 yilda Yevropa Ittifoqi onlayn platformalar uchun uchinchi tomon sotuvchilari maʼlumotlaridan foydalanishda shaffoflikni talab qiluvchi yangi qoidalarni joriy qildi.
Logistika va operatsion xarajatlar. Yuk tashish va logistika xarajatlarining oshishi, ayniqsa, inflyatsiya va taʼminot zanjiri muammolari sharoitida biznes marjalariga taʼsir qiluvchi muhim omil boʻlib qolmoqda.
Alibaba
Xitoyda regulyator idoralar bosimi. Xitoy hukumati tomonidan nazoratning kuchayishi Alibaba uchun jiddiy muammo boʻlib qolmoqda. 2024 yilda kompaniya yangi monopoliyaga qarshi tekshiruvlar, qoʻshilish va sotib olish boʻyicha cheklovlarga duch keldi.
Xalqaro raqobat. Alibaba xalqaro bozorlarda, ayniqsa, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyoda qattiq raqobatga duch kelmoqda, bu yerda mahalliy oʻyinchilar ham elektron tijorat platformalarini faol rivojlantiryapti.
Elektron tijorat kelajagi: prognozlar va tendensiyalar
Kelajakda Amazon va Alibaba elektron tijorat va texnologiya sohasida yetakchilik uchun kurashni davom ettiradi. Kompaniyaning rivojlanishini belgilovchi asosiy tendensiyalar ham aniq.
Jumladan, bulutli texnologiyalar va sunʼiy intellekt: ikkala kompaniya ham biznesni optimallashtirish va mijozlar tajribasini yaxshilash uchun sunʼiy intellekt va bulutli yechimlarga sarmoya kiritishni susaytirmaydi.
Barqarorlik va atrof-muhit masalasiga kelsak, 2024 yilda ikkala kompaniya ham uglerod bilan ifloslantirish hajmini kamaytirish boʻyicha rejalarini eʼlon qildi. Amazon 2040 yilga kelib 100 foiz qayta tiklanadigan energiyaga oʻtishni rejalashtirmoqda, Alibaba esa oʻz omborlari va logistikasi uchun “yashil” yechimlarni ishlab chiqmoqda.
Shuningdek, mobil tijoratning oʻsishi va ijtimoiy media bilan integratsiyalashuv, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda yangi auditoriyani jalb qilishda muhim omil boʻladi.
Xulosa
Amazon va Alibaba ikki raqobatchi gigant boʻlib, ular turli strategik yoʻllarni bosib oʻtib, global elektron tijorat rivojlanishini shakllantirishda davom etmoqda. Amazon butun taʼminot zanjirini toʻgʻridan-toʻgʻri sotish va nazorat qilishga qaratilgan global logistika imperiyasini qurmoqda, Alibaba esa platforma biznesi va raqamli yechimlarga eʼtibor qaratadi. Ikkala gigantning ham kuchli va zaif tomonlari bor, lekin ularning muvaffaqiyatining asosiy omili tez oʻzgaruvchan bozor sharoitlari va texnologik tendensiyalarga moslashish qobiliyati boʻlib qolmoqda.
Kelgusi yillarda Amazon va Alibaba oʻrtasidagi raqobat, ayniqsa, innovatsiyalar, raqamlashtirish va biznes jarayonlarini mahalliylashtirish hal qiluvchi rol oʻynaydigan rivojlanayotgan bozorlarda kuchayishi kutilmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov