Dekabr oyi uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
Oyning birinchi oʻn kunligida Oʻzbekiston hududi boʻyicha harorat oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarga yaqin boʻlishi kutilyapti.

Bu yilgi dekabr oyi qanday boʻladi? "Oʻzgidromet" qishning ilk oyidagi ehtimoliy ob-havo maʼlumotini taqdim etdi.
Oyning birinchi oʻn kunligida Oʻzbekiston hududi boʻyicha harorat oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarga yaqin boʻladi.
Havo harorati asosan kechalari 3 daraja sovuq-2 daraja iliq, kunduz kunlari 3-8 daraja iliq, baʼzi joylarda 10 daraja iliqqacha, shimolda kechalari 3-8 daraja sovuq, kunduz kunlari 2-7 daraja iliq atrofida boʻlishi kutilmoqda.
1 dekabrda respublika boʻyicha baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, ayrim joylarda qorga aylanishi mumkin) boʻladi. 2 dekabrda ayrim togʻli hududlarda biroz qor yogʻishi kutilmoqda.
Keyinchalik deyarli birinchi oʻn kunlikning oxirigacha (3-8 dekabr) Oʻzbekiston hududi boʻyicha asosan quruq ob-havo kuzatiladi va faqat oʻn kunlik oxirida (9-10 dekabr) respublika boʻyicha baʼzi joylarda yogʻingarchilik boʻlishi mumkin.
Dekabr oyining ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida harorat kechalari 0-5 daraja sovuqdan 2-7 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 3-8 daraja iliqdan 10-15 daraja iliqqacha oʻzgarib turadi, oy oxirida harorat kechalari 5-10 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuqqacha pasayadi.
Shimolda harorat kechalari 8-13 daraja sovuqdan, baʼzi joylarda 15-17 daraja sovuqdan 3 daraja sovuq-2 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 2 daraja sovuq-3 daraja iliqdan 3-8 daraja iliqqacha oʻzgarib turadi.