platina.uz
Iqtisod

“Davlat oʻz tadbirkorlarini ogʻir ahvolga tashlab qoʻymaydi” – Jahongir Ortiqxoʻjayev

Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi ishlab chiqaruvchilarni kasod qilishi haqidagi savolni Ortiqxoʻjayev xato fikr deb, aksincha, milliy mahsulotlarga ham jahon bozorlari ochilishini yaxshi imkoniyat deb atadi.

“Davlat oʻz tadbirkorlarini ogʻir ahvolga tashlab qoʻymaydi” – Jahongir Ortiqxoʻjayev
Foto: Platina.uz

Tadbirkor Jahongir Ortiqxoʻjayev Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishida mamlakat uchun ochiladigan imkoniyatlarni koʻrish kerakligini taʼkidladi. U bu haqda 29 noyabr kuni “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida oʻtkazilgan yoshlar tadbirkorligi yoʻnalishidagi ochiq muloqotda qayd etdi.

“JSTga qoʻshilish natijasida chetdan sifatli va arzon mahsulotlar kirib kelsa, mahalliy tadbirkorlar „sinib ketadi“ degan prognozlar qanchalik oʻrinli?” degan savolga tadbirkor “bu nooʻrin qoʻrquv deya” javob berdi.

“Masalan, tashkilotga aʼzo davlat — AQShga yangi rahbar — Tramp kelyapti. U Meksika bilan Kanadaga bojni 25%ga, Xitoyga 10%ga oshirmoqchi. Bu esa JST qoidalariga ziddir. Yaʼni, bitta rahbar almashishi bilan savdo tashkiloti qonun-qoidalarini oʻzgartirishning imkoni yoʻq. Buni nima uchun qilyapti? Bu orqali Amerika bozorini qaysidir mahsulotlardan himoya qilmoqchi. Yaʼni, JStga kirdik, degani butun ishlab chiqaruvchilarni himoyasiz qoldirish, davlat oʻzining ishlab chiqarish strategiyasiga ega korxonalarini ogʻir ahvolga tashlab qoʻyadi, degani emas. <...> Qoʻrqish asossiz”, — dedi tadbirkor.

Ortiqxoʻjayev Oʻzbekistondagi koʻpgina korxonalar JSTning har qanday talablariga javob bera oladigan mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga egaligini taʼkidladi. “Katta bir zarar yoki qoʻrqinchli hodisa yuz beradi deb oʻylamayman”, dedi u.

Shuningdek, tadbirkor tashkilotga qoʻshilish mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga ham yetkazib berish, qulay tarzda olib kirishga yordam berishini taʼkidladi.

“Biz importdan emas, bizga ochilayotgan boshqa davlatlarga xursand boʻlishimiz kerak. Yaʼni, bizning mahsulotlarimizni boshqa davlatlarga ham sotish imkoniyatlarimiz koʻpayadi. Tanganing ikkinchi tomoni bor. Hamma biz yutqazamiz, deb oʻylashi mumkin, lekin yutadigan joylarimiz ham koʻp. <...> Va faqat sifat oshadi, xalqqa va davlatga foyda keltiradi”, — deya xulosa qildi Jahongir Ortiqxoʻjayev.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid