Bir kishiga 20 tagacha bank kartasi ochish cheklovi oʻrnatilishi mumkin
Jismoniy shaxslar nomiga koʻp miqdorda ochilgan kartalarni tahlil qilish jarayonida, ularning bir qismidan firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotganligi aniqlangan.
Oʻzbekistonda bir kishi uchun plastik kartalar soni 20 tagacha cheklanishi mumkin.
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bitta jismoniy shaxsga bitta bank kartasi berilishi boʻyicha meʼyorlar oʻrnatilayotganligi toʻgʻrisida axborot haqiqatga toʻgʻri kelmasligini maʼlum qildi.
Bank kartalari bilan bogʻliq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadida banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JShShIRga) kartalar sonini (virtual va kobeydjing kartalarini inobatga olgan holda) vaqtinchalik bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasi koʻrib chiqilmoqda.
Bunda ushbu talab chet el valyutasida ochilgan bank kartalariga nisbatan tatbiq etilmasligi koʻzda tutilmoqda.
Bugungi kunda bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97 foizida (22 mln.ta) 5 tagacha, 3 foiz (770 mingta) jismoniy shaxsda 5-20 gacha hamda 0,03 foizda yoki 7 mingta jismoniy shaxsda 20 tadan oshiq kartalar rasmiylashtirilgan.
Jismoniy shaxslar nomiga koʻp miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, ushbu bank kartalarining bir qismidan (aksariyat holatlarda karta egasining xabari yoʻq) firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotganligi aniqlangan.
Muhokama qilinayotgan meʼyorlar aholining bank kartalari orqali toʻlovlarni amalga oshirishda noqulayliklar keltirib chiqarmaydi va ushbu talablar tijorat banklarining bank kartalarini emissiya qilish faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.
Oʻz navbatida, Markaziy bank bu borada vaziyatni muntazam kuzatib borishini maʼlum qiladi.
Shuningdek, ushbu talablar toʻliq tayyor boʻlgandan keyin jurnalistlar va keng jamoatchilik muhokamasiga havola qilinishi aytilmoqda.