Oʻzbekiston aholisi 37,5 mln kishidan oshdi
Mamlakat aholisi har oy oʻrtacha 61,7 ming kishiga, har kuni esa 2 ming kishiga koʻpaymoqda.

Oʻzbekistonning doimiy aholisi soni 37,5 million kishidan oshdi. Bu haqda Statistika agentligi maʼlumot berdi.
2024 yil 27 noyabr soat 13:00 holatiga mamlakatning doimiy aholisi soni 37 504 304 nafarni tashkil etdi. Ulardan:
• erkaklar - 18 842 162;
• ayollar - 18 579 632 nafardir.
Oʻzbekiston aholisi har oy oʻrtacha 61,7 ming kishiga, har kuni esa 2 ming kishiga koʻpaymoqda
Aholining bunday jadal oʻsishi ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga sezilarli taʼsir koʻrsatib, davlat siyosatini doimiy ravishda moslashtirishni talab qiladi.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylari davomida mamlakatda 693,9 ming bola dunyoga keldi. Tugʻilish oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 23 mingtaga kamaygan.