Koʻchalar va koʻp qavatli uylar atrofida kamida 10 mln tup uzum ekiladi
Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish boʻyicha selektor oʻtkazdi. Yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna boʻlgan 10 ta agrologistika markazi ishga tushiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oziq-ovqat eksporti oʻtgan yilga nisbatan 370 million dollarga (1,2 barobar) oʻsib, 2 milliard dollardan oshdi.
Oʻzbekiston oʻrik eksporti boʻyicha dunyoda 3-oʻringa, gilos va shaftoli boʻyicha 6-7-oʻringa, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar boʻyicha 10-oʻringa chiqdi.
Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Har hafta 3-4 tonna uzum AQShga yetkazib berilmoqda.
Eksport Qoraqalpogʻiston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar koʻpaydi.
Ijobiy natijalar bilan birga, Prezident taʼkidlaganidek, ayrim viloyat, tuman hokimlari, qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlar ishni toʻgʻri tashkil qilmagani uchun mahsulot va eksport hajmida katta oʻzgarish sezilmayapti.
Yeri boshqalardan karra-karra koʻp boʻlgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida oʻsish ularning imkoniyati va sharoitiga mutlaqo mos emasligi qayd etildi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining eksporti oʻtgan yilgi koʻrsatkichga yetmayapti.
Shuningdek, 64 ta tumanda eksport oʻtgan yilga nisbatan kamaygan boʻlsa, shundan 17 tasida 50 foizga ham yetmagan.
Hokimlar bugun dunyodagi ogʻir vaziyatni hisobga olib, har kuni izlanib, yangi-yangi imkoniyatlar topib, ishga solishi shartligi haqida ogohlantirildi.
Yigʻilishda dala chetlariga ekin ekish holati tanqidiy koʻrib chiqildi.
Masalan, Qoraqalpogʻistonda dala chetidagi 2,1 ming gektar, Fargʻonada 1,2 ming, Samarqandda 826, Buxoroda 784, Qashqadaryoda 247 gektar yerlar ishlatilmasdan yotgani koʻrsatib oʻtildi.
Baʼzi joylarda dehqonlarga sifatsiz urugʻ sotilgan, zararkunandaga qarshi berilayotgan dorilar ham talabga javob bermaydi.
Shu munosabat bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻsimliklar karantini agentligiga hokimlar, eksportchi, tajribali klaster, kooperatsiya va fermerlar bilan birgalikda oziq-ovqat ekinlarining urugʻi, koʻchati, dorisi, oʻgʻiti boʻyicha ishlashning yangi tizimini ishlab chiqish topshirildi.
Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingini hisoblashda qoʻshimcha ball beriladi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerlarga barcha yerlari uchun yer soligʻini ikki yilga boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi.
“Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 million soʻmgacha boʻlgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi.
Shu bilan birga, dala cheti hisobi, nima mahsulot yetishtirilgani va qancha mahsulot olingani “e-Fito” portali orqali nazorat qilib boriladi.
Shuningdek, har bir mahallada kamida 100 tadan xonadonga limon, uzum koʻchati tarqatish, koʻchalar va koʻp qavatli uylar atrofida aholining tashabbuslari asosida kamida 10 million tup uzum ekish muhimligi taʼkidlandi.
Sayxunobod tajribasi asosida 164 ta qishloq tumanlarining 4 tadan mahallasiga minitexnika berilishi belgilandi. Kim minitraktorda xizmat koʻrsatsa, oʻzini oʻzi band qilgan boʻladi va ularga mamlakatimizda chiqadigan texnika uchun 30 million soʻmgacha garovsiz kredit beriladi.
Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida Surxondaryoda karam, lavlagi, Jizzaxda piyoz hosili, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryoda tarvuz hosili oxirigacha yigʻib olinmagani koʻrsatib oʻtildi.
Ehtiyojdan ortgan hosilni quritib, ozuqaviy qoʻshimcha shaklida eksport qilish mumkinligi, bunga oziq-ovqat sanoati korxonalarida talab kattaligi taʼkidlandi.
Kelgusi yilda “shok” usulida muzlatish, ozuqa qoʻshimchasi tayyorlash boʻyicha 100 million dollarlik 50 ta loyihani ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Joriy yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna boʻlgan 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxonani ishga tushirish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Viloyat hokimlariga yil yakunigacha 14 ming, kelgusi yili 29 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bogʻ va tokzorlarni barpo etish topshirildi.
Yigʻilishda hokimlar tomonidan eksportni bajarish uchun boshqa viloyatdan kelgan tadbirkorlarga toʻsqinlik qilish hollari haligacha uchrayotgani koʻrsatib oʻtildi. Oqibatda xaridori va mablagʻi tayyor eksportchilar mahsulotsiz qolib ketayapti.
Bundan buyon eksport jarayonida fitosanitar sertifikatda mahsulot yetishtirilgan hudud majburiy koʻrsatiladigan tizim boʻlishi eʼlon qilindi. Shunda eksportchilarimiz sunʼiy toʻsiqlarga uchramaydi.
Masʼul idoralarga bojxona va karantin maʼlumotlar bazasini integratsiya qilib, bu tizimni ishlatish topshirildi.