Giyohvandlikka oid jinoyatlarning 33,4 foizi yoshlar tomonidan sodir qilinyapti
Telegramda giyohvand moddalar savdosi boʻyicha 38 ta axborot manbai aniqlangan. Ularning umumiy auditoriyasi 119 671 nafar foydalanuvchini tashkil etdi.

Giyohvandlikka oid jinoyatlarning salmoqli qismi yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasida giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar isteʼmolining oldini olishga qaratilgan jamoatchilik eshituvi oʻtkazildi.
Unda senatorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar masʼullari, jamoatchilik vakillari hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.
2019–2023 yillarda respublikamizda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bogʻliq sodir etilgan jinoyatlarning 22-25 foizi yoshlar (30 yoshgacha) tomonidan sodir etilgan. Mazkur koʻrsatkich joriy yilning oʻtgan 8 oyida esa 33,4 foizni tashkil etgan.
Yoshlar orasida “Tropikamid”, “Pregabalin” (“Lirika”, “Regapen” va “Lipre”), “Zaleplon” (“Selofen”) kabi kuchli taʼsir qiluvchi preparatlar va tarkibida giyohvandlik vositasi boʻlgan “Tramadol” dori vositalari keng tarqalgan.
Tadbir davomida ichki ishlar organlari tomonidan 2021–2023 yillarda bu kabi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida zaruriy chora-tadbirlar olib borilgani, natijada 13,8 tonna giyohvandlik vositalari musodara qilingani aytib oʻtildi.
Onlayn platformalar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi uchun qulay axborot maydoniga aylanib bormoqda. Internet makonida giyohvandlik vositalari va psixoaktiv moddalar savdosiga ixtisoslashgan 52 ta axborot manbai aniqlangan. Ularning 14 tasi veb-saytlarda, 38 tasi esa telegram messenjeri orqali faoliyat yuritgan.
Telegram messenjerida shu mazmunda 38 ta axborot manbai aniqlangan. Ularning umumiy auditoriyasi 119 671 nafar foydalanuvchini tashkil etgan.