Toshkentda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun 10 mlrd soʻmdan oshiq pul ajratildi
Hokim Shavkat Umrzoqov byudjetdan milliardlab mablagʻ ajratish boʻyicha hujjatlarni imzolagan.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov mablagʻ ajratish boʻyicha qarorlarni imzoladi.
Jumladan, Bektemir tumanining "Ayollar daftari"dagi xotin-qizlarga asosiy yordamlar uchun 1 500,0 mln soʻm, Sergeli tumaniga 2 900,0 mln soʻm hamda Yangihayot tumaniga 3 500,0 mln soʻm, jami 7 900,0 mln (yetti milliard toʻqqiz yuz million) soʻm mablagʻ ajratilgan.
Toshkent shahar mahalliy byudjetining joriy yil uchinchi chorak daromadlar rejasini orttirib bajarilgan qismi hisobidan" Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlarga asosiy yordamlar uchun Bektemir tumaniga 400,0 mln (toʻrt yuz million) soʻm, Sergeli tumaniga 800,0 mln (sakkiz yuz million) soʻm va Yangihayot tumaniga 1 mlrd soʻm, jami 2,2 mlrd soʻm tumanlar byudjetiga ajratilmoqda.
Toshkent shahrida yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali sotishdan hamda yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar hisobidan Toshkent shahrining shahar byudjeti maxsus gʻazna hisobvaragʻiga 9 594 448 795 (toʻqqiz milliard besh yuz toʻqson toʻrt million toʻrt yuz qirq sakkiz ming yetti yuz toʻqson besh) soʻm mablagʻ oʻtkazib berilgan.
Yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali sotishdan hamda yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar hisobidan Toshkent shahrining shahar byudjeti maxsus gʻazna hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlardan 2,8 mlrd soʻm (30 foizi) Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha hududiy maqsadli jamgʻarmasiga hamda 6,7 mlrd soʻm (70 foizi) Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasiga taqsimlanadi.