Samarqandda hisobchi tadbirkorning 6,4 mlrd soʻmini onlayn qimorda yutqazib qoʻydi
U bank elektron kalitlaridan foydalanib, MChJ mablagʻini soxta maʼlumotlarni rasmiylashtirish orqali oʻzining nomiga ochilgan plastik kartalarga oʻtkazib olishga erishgan.

Samarqand shahrida tadbirkorning 6,4 mlrd soʻm mablagʻini qimor oʻyinlariga yutqazgan hisobchi aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahri boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subʼektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda “Ph.l.” MChJda hisobchi lavozimida ishlagan B.M. bank elektron kalitlaridan foydalanib, MChJning 6,4 mlrd soʻm mablagʻini soxta maʼlumotlarni rasmiylashtirish orqali oʻzining nomiga ochilgan plastik kartalarga oʻtkazib olishga erishgan.
Soʻngra ushbu mablagʻlarni internet tarmoqlaridagi qimor oʻyinlarida yutqazib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.