Ayrim shaharlarda jamoat transportini 24 soatlik ish rejimiga oʻtkazish taklif qilinmoqda
Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi. Masalan, har juma va shanba kunlarida dam olish maskanlarni 24/7 rejimida uzluksiz ravishda ishlashini taʼminlash lozimligi aytilmoqda.

Strategik islohotlar agentligi tomonidan Oʻzbekistonda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha qator takliflar ishlab chiqildi.
Takliflarni ishlab chiqishda beshta davlat (AQSh, Buyuk Britaniya, Tailand, BAA va Avstraliya) tajribalari oʻrganildi.
Jumladan, 2025 yil 1 fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish;
- tungi iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash maqsadida har juma va shanba kunlarida dam olish maskanlarni 24/7 rejimida uzluksiz ravishda ishlashini taʼminlash va tunda faoliyat olib boruvchi maskanlarning ish vaqti bilan bogʻliq cheklovlarni bekor qilish;
- Toshkent shahrida turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab ushbu hududlarda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilish;
- Tungi iqtisodiyot rivojlantirilishi rejalashtirilgan shaharlarning har birida jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik rejimga oʻtkazish;
- "Tungi Toshkent" elektron platformasini ishlab chiqish hamda ushbu platformada tunda faoliyat olib boradigan maskanlar, tungi jamoat transporti yoʻnalishlari hamda maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida maʼlumot olish imkonini yaratish;
- tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan muayyan hududlarni modernizatsiya qilish, koʻchalarda yoritish tizimini kuchaytirish hamda aholi va turistlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Prezidentning "Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun birinchi qadam sifatida amalga oshirilishi lozim boʻlgan imkoniyatlar chetda qolib, bir nechta koʻchalarni gastronomik koʻchalarga aylantirish chora-tadbirlari bilan cheklanib qolinmoqda, deyiladi agentlik maʼlumotida.
Tunda faoliyat olib boradigan majmualar (kafe, tungi klub, muzey, sport majmualari va boshqalar) haqida mahalliy va xorijiy turistlar maʼlumot olishlari uchun elektron platforma yaratilmagan.
Tungi vaqtlarda poytaxtda transport xizmatiga talab mavjud boʻlib, bu faqatgina shaxsiy yoʻnalishsiz taksi xizmatlarining faoliyati evaziga qondirilmoqda, biroq tungi rejimda xizmat koʻrsatuvchi jamoat transporti harakati yoʻlga qoʻyilmagan, avtobuslar harakati 05:00 dan 23:00 gacha, metro harakati esa 05:00 dan 00:00 ga qadar xizmat koʻrsatishi belgilangan.