Zamonaviy kasblar bepul oʻrgatilmoqda
SMM kurslarida oʻqiyotgan qizlar oʻzlarini ancha erkin tutib, hayotda yoʻl topishda katta ilhom bagʻishlayotganini bildirmoqda.

Toshkent shahar hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida 1000 nafar qiz uchun 24 modulli SMM kursida bepul darslar oʻtilyapti. Bugun mazkur kursda tahsil olayotgan bir guruh tinglovchilar oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
Gulasal Otamurodova (18 yosh):
– Bugun har bir insonning biror-bir ijtimoiy tarmoqda oʻz sahifasi bor. Biror nima xarid qilmoqchi boʻlsa ham, tarmoqlarda qay darajada trendda ekaniga, izohlarga odamlar qanday fikr bildirayotganiga eʼtibor qaratadi. Bu esa tarmoqlararo biznes yaratish va rivojlantirish imkoniyati allaqachon yangi bosqichda ekanini koʻrsatadi. Shu sabab menda SMMni chuqur oʻrganishga qiziqish uygʻondi. Avval SMMni YouTube platformasidan kuzatib, oʻrganar edim: darslar juda betartib va ayrim qoidalar tushunarsiz bayon qilinardi. Toshkent shahar hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tashkil qilingan bepul SMM kurslarida esa tartib bilan olib borilyapti. Shuningdek, har bir qoida birma-bir nazariy va amaliy tarzda oʻrgatilyapti.
Shahnoza Samatova (27 yosh):
– Bu kurs haqida ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar orqali xabar topdim. SMM kurslari men kabi onalik taʼtilidagi ayollarga, ayniqsa, juda yaxshi imkoniyat taqdim qilyapti. Chunki bu vaqtda ona ishlamaydi, lekin roʻzgʻorda turmush oʻrtogʻiga yordam bergisi keladi. Men ham onalik taʼtilida ekanimdan foydalanib, turmush oʻrtogʻimga yordam berishni oʻyladim va SMM kurslariga yozildim. Turmush oʻrtogʻim ishlaydigan soha poligrafiya boʻlgani sababli shu yoʻnalishda tarmoqlarda sahifalar ochib, oʻzim yurgizish niyatidaman. Bu nafaqat turmush oʻrtogʻimning mehnatini targʻib qilishga yordam beradi, balki oilaviy byudjetga ham qoʻshimcha daromad olib keladi. Bizga mana shunday imkoniyat yaratib bergan tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman.
Zamira Joʻrayeva (18 yosh):
– Marketingni bir butun "tort" deb olsak, SMM uning eng asosiy qismi – "qaymogʻi" hisoblanadi. SMM oʻz ichida yana bir nechta tarmoqlarni qamrab oladi. Ularning ichida menga eng koʻp yoqadigan qismi bu – grafik dizayn. Chunki rasm chizish, loyihalar yaratish, logotiplar tayyorlash kabilarga qiziqishim yuqori. Bu qiziqishlarimni kasbga yoʻnaltirishimda SMM kurslari menga katta yordam beryapti. Darslar bepul, shuningdek, mashgʻulotlar kunning toʻrtta qismida tashkil qilingan va turli hududlarda filiallari mavjud. Bu esa nafaqat uyda oʻtirgan ishsiz qiz-ayollar uchun, balki taʼlim muassasalarida oʻqiydigan qizlar uchun ham juda qulay imkoniyatni taqdim qilmoqda.
Sevinch Norqulova (19 yosh):
– Men fotografiyaga qiziqaman. Lekin yaqinlarim texnika qiz bola uchun emas, deb koʻp koyir edi. Shunga qaramay, qiziqishlarimni roʻyobga chiqarish yoʻllarini axtaraverdim. Nihoyat bepul SMM kurslari haqida doʻstlarimdan eshitdim va darhol kursga yozildim. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifa yaratib, tabiatning insonlar bir qarashda ilgʻamaydigan goʻzalliklarini tasvirlarga muhrlashni, buni shunchaki mobil telefonda ham amalga oshirish mumkinligini oʻrgatuvchi sahifa yuritmoqdaman. Bu blogni yuritishda menga mentorlarimiz – SMM mutaxassislari har tomonlama koʻmak bermoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, tarmoqlar "tilini" oʻrganish bugun har bir kasb egasi bilishi lozim boʻlgan ishga aylandi. Shunga koʻra, mazkur oʻquv kursi mobaynida tinglovchilarga ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifalarini yaratib, bir oyda oʻrtacha 3 mln soʻmgacha daromad olishlari mumkin boʻlgan bir qator yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim beriladi. Bunday tashabbuslar xotin-qizlar uydan chiqmagan holda ham kasb oʻrganib, oilaviy byudjetga oʻz hissalarini qoʻshishga yordam beradi.
Yulduz Oʻrmonova, jurnalist