Tojikiston bilan ittifoqchilik shartnomasi KXShTga taʼsir qilmaydi
Qonunchilik palatasida qoʻshni davlat bilan ittifoqchilik shartnomasini ratifikatsiya qilish boʻyicha qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida "Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida shartnomani (Dushanbe shahri, 2024 yil 18 aprel) ratifikatsiya qilish haqida"gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Majlisda qatnashgan "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov ittifoqchilik munosabatlariga Tojikistonning KXShTga aʼzoligi taʼsir qilishi boʻyicha savol berdi.
Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Ilhom Haydarovga koʻra, Tojikistonning tashkilotga aʼzoligi ittifoqchilikka taʼsir etmaydi.
Masalan, Oʻzbekiston KXShTga aʼzo Rossiya va Qozogʻiston bilan ham ittifoqchilik munosabatlariga ega. Ushbu davlatlar bilan hanuz hech qanday muammolar kuzatilmadi, deydi vazir oʻrinbosari.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi ittifoqchilik munosabatlariga prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil apreldagi tashrifi doirasida erishilgandi.
Qonunchilik palatasi birinchi oʻqishda ushbu qonunni qabul qildi.