Raqobat qoʻmitasi Jizzaxdagi MChJga qarshi ish qoʻzgʻatdi
“SANGZOR-TEKSTIL” MChJ 2023-2024 yillarda ishlab chiqarilgan jami 2885,4 tonna paxta tolasini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotib, manipulyatsiya harakatlari sodir etgan.

Raqobat qoʻmitasi Jizzaxdagi MChJga qarshi taʼsir chorasi qoʻlladi.
Qoʻmita qonun talablariga rioya qilmagan davlat tashkilotlari va subʼektlarga chora koʻrmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq, Qoʻmitaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarning belgilangan grafiklar asosida birja savdolariga qoʻyib borilishi yuzasidan doimiy ravishda oʻrganish va tahlil ishlari oʻtkazilib kelinmoqda.
Hududiy boshqarma tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilganlik holatlari aniqlandi.
Jumladan, “SANGZOR-TEKSTIL” MChJ tomonidan 2023-2024 yillarda ishlab chiqarilgan jami 2885,4 tonna paxta tolasini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotib, manipulyatsiya harakatlari sodir etganlik holatlari aniqlandi.
“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasida “Faqat birja savdolariga qoʻyish yoʻli bilan sotilishi lozim boʻlgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlar hajmlarini birja savdolariga qoʻymasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish” harakatlari monopoliyaga qarshi talablarni buzilishi belgilab koʻrsatilgan.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “SANGZOR-TEKSTIL” MChJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir chorasi qoʻllanildi.