platina.uz

Markaziy bank pul-kredit siyosatini tushuntirdi

“Kambagʻallar uchun ortiqcha soliq” boʻlmish inflyatsiyani past darajada ushlab turish uchun kurash qanday natija beryapti? Tashqi qarz boʻyicha vahimalar qanchalik asosli?

Iqtisod
26-noyabr, 20:50
Markaziy bank pul-kredit siyosatini tushuntirdi
Foto: Platina.uz

Oʻzbekistonda aholi farovonligini oshirish va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan makroiqtisodiy siyosat oʻz samarasini bermoqda. Asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanayotganidan darak beradi.

Markaziy bankda “Pul-kredit siyosatining 2025 yil va 2026-2027 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari” mavzusida oʻtkazilgan media-muloqotda mana shu koʻrsatkichlar tahlil qilindi.

Jumladan, Markaziy bankning Pul-kredit siyosati departamenti boshligʻi Eldor Zokirovning maʼlum qilishicha, “Pul-kredit siyosatining 2025 yil va 2026-2027 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari”ning yakuniy loyihasi tasdiqlangan.

Maʼlumki, ushbu hujjat Markaziy bank tomonidan bir yilda bir marta yangilanadi va mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat manzarasi hamda iqtisodiy kursining yoʻnalishini koʻrsatib beradi. “Asosiy yoʻnalishlar” har chorakda eʼlon qilinadigan “Pul-kredit siyosati sharhi” bilan birgalikda mamlakat iqtisodiyotining bosh moliyaviy regulyatori boʻlmish Markaziy bankning eng asosiy va muhim hujjatlari hisoblanadi.

Aholi farovonligini qanday oshirish mumkin?

Aksariyat demokratik davlatlar oʻz milliy iqtisodiyotini rivojlantirish asnosida xalq farovonligini taʼminlashni oʻz oldiga asosiy maqsad qilib qoʻyadi. Aholi farovonligiga erishish esa fiskal hamda pul-kredit siyosatining qanday belgilab olinishi va qanday ijro etilishiga bevosita bogʻliq.

Fiskal siyosat

Hukumat yuritadigan fiskal siyosat uchun iqtisodiy oʻsish inklyuzivligi muhim hisoblanadi. Yaʼni bu siyosat har bir aholi qatlamining manfaatlari va istaklarini oʻzida aks ettirishi va ularni qamrab olishi lozim. Fiskal siyosatning maqsadi esa, tabiiyki, iqtisodiy oʻsishni taʼminlash boʻladi. Bu siyosat soliq va davlat xarajatlari orqali amalga oshiriladi va asosan yalpi taklifni qoʻllab-quvvatlashga qaratiladi.

Pul-kredit siyosati

Pul-kredit siyosati uchun esa narxlarning barqarorligi muhim hisoblanadi. Zero aholi daromadlari aksariyat hollarda narxlarning koʻtarilib ketishiga, pirovardida milliy valyutaning qadrsizlanib, inflyatsiya darajasining ortishiga tez moslasha olmaydi. Natijada aholining xarid qobiliyati pasayadi, yigʻib qoʻygan jamgʻarmalari qadrsizlanadi, farovonligi pasayib, umumiy kambagʻallik darajasi yuksaladi.

Hukumat yuritadigan fiskal siyosatdan farqli oʻlaroq, pul-kredit siyosati Markaziy bank tomonidan olib boriladi.

Ushbu siyosat turining asosiy maqsadi – narxlar barqarorligiga erishishdir. Bu siyosat pul va foiz stavkalarini boshqarish (masalan, asosiy stavka) orqali amalga oshiriladi.

Pul-kredit siyosati asosan yalpi talabni jilovlashga qaratilgan boʻladi.

Markaziy bank oʻtkazgan media-muloqotda ushbu regulyatorning vakolat doirasiga kiruvchi pul-kredit siyosatiga toʻxtalib oʻtildi.

Pul-kredit siyosati rejimlari

Markaziy bank pul-kredit siyosatini 4 xil rejimda yuritishi mumkin:

  1. Inflyatsiyani targetlash rejimi. Bunda narxlar barqarorligiga erishish, yaʼni inflyatsiyaning barqaror past darajasini taʼminlash asosiy maqsad hisoblanadi.
  2. Monetar targetlash rejimi. Bu rejimda pul bazasi, pul massasi yoki boshqa koʻrsatkchilarni targetlash orqali inflyatsiyaning past darajasi taʼminlanadi.
  3. Valyuta kursini targetlash rejimi. Mazkur tartibda milliy valyuta kursi barqarorligini taʼminlash orqali inflyatsiyaning past darajasini taʼminlash maqsad qilib olinadi.
  4. Gibrid rejim. Ushbu holatda pul-kredit siyosatini amalga oshirishda turli rejimlarning standartlaridan foydalaniladi.

Uchta kursida baravar oʻtirib boʻlmaydi!

Butun dunyodagi moliyaviy tizimlar oldida yuqoridagi rejimlardan faqat bittasini tanlab, siyosat yuritish trilemmasi turadi. Uni “Erishib boʻlmas uchlik” deb ham atashadi. Har bir mamlakat bu jumboqni oʻz strategik rivojlanish yoʻnalishlari va joriy iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqqan holda hal qiladi. Mazkur “fiskal nazorat rullari”ning hammasini baravar boshqarishning jismonan imkoni yoʻq, uzogʻi bilan 2 tasini tatbiq etish mumkin xolos. Har bir mamlakat pul-kredit siyosati ochiq (erkin) kapital oqimini boshqarishda mazkur rejimdan birini qoʻllashi mumkin.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) tasnifiga koʻra, 45 ta mamlakatda inflyatsion targetlash, 25 mamlakatda monetar targetlash, 81 ta mamlakatda almashuv kursi targetlash rejimlari qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston inflyatsion targetlash rejimini tanlagan

Prezidentning PF-5877-sonli “Inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2019 yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, narxlar barqarorligi milliy pul-kredit siyosatining asosiy maqsadi sifatida belgilandi va Markaziy bank inflyatsion targetlash rejimiga oʻtishni boshladi.

Media-muloqotda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2020 yildan buyon butun milliy moliyaviy tizimni qamrab oluvchi inflyatsion targetlash rejimida ishlamoqda.

Sodda qilib aytganda, bu mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi ham asosan pul massasini nazorat qilishga qaratilgan monetar targetlash emas, balki inflyatsiyani jilovlab turish – inflyatsiyaning maʼlum bir marrasi – targetni belgilab olgan holda, shu koʻrsatkichga erishish uchun choralar koʻrish siyosati amal qilmoqda.

“Pul-kredit siyosatining 2025 yil va 2026-2027 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari”da koʻrsatilganidek, Markaziy bank asosiy ssenariy doirasida YaIMning real oʻsishi nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari va fiskal konsolidatsiya taʼsirida ushbu target 2025 yilda 7 foiz atrofida, 2026 yilda esa 5 foiz atrofida boʻlishini belgilab olgan.

Umumiy ahvolimiz qanday?

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: asosiy maqsadi inflyatsiyani jilovlash boʻlgan pul-kerdit siyosati qanchalik samara bermoqda? Markaziy bank masʼuli Eldor Zokirovning taʼbiri bilan aytganda, “kambagʻallar uchun ortiqcha soliq” boʻlmish inflyatsiyani past darajada ushlab turish uchun kurash nima natija beryapti?

Avvalo shuni aytib oʻtish kerakki, Markaziy bankning pul-kredit siyosati iqtisodiyotga 2 oydan (rivojlanayotgan davlatlarda) 8 oygacha (iqtisodiyoti kuchli davlatlarda) boʻlgan muddatda oʻz taʼsiri koʻrsatadi. Mazkur siyosat transmissiyasi zanjiri quyidagi bosqichlardan iborat:

  1. Markaziy bank asosiy stavkani oʻzgartiradi.
  2. Banklararo pul bozori foiz stavkasi oʻzgaradi.
  3. Depozit va kreditlar boʻyicha foiz stavkalari oʻzgaradi.
  4. YaIM tafovuti vujudga keladi.
  5. Va nihoyat, inflyatsiya darjasi oʻzgaradi!

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekistonda 2007 yildan buyogʻini olsak, eng maksimal koʻrsatkich – 20 foiz qayd etilgan 2018 yildan (inflyatsion target rejimi qoʻllana boshlangan davrdan) boshlab inflyatsiya darajasining muttasil pasayib borish tendensiyasi kuzatilmoqda. Toʻgʻri, ayrim davrlarda oraliq inflyatsiya koʻrsatkichi 10 foizlik chegara tepa-pastida “oʻynayotgan” boʻlsa-da, umumiy tendensiya pasayish sari ketayotgani kishini xotirjam qiladi. Inflyatsiya borasidagi prognozlar ham “qoʻrqinchli” boʻlmagani bois, yaqinda Markaziy bank asossiy stavkani 14 foizdan 13,5 foizga tushirishga jurʼat qildi hatto. Zero bu chora kreditlar foizini pasaytirib, tovar va xizmatlarga talabni oshirsa-da, pirovardida inflyatsiyaning nisbatan ortishiga xizmat qiladi.

Xorijiy valyuta oqimi boʻyicha kutilmalar

Milliy iqtisodiyot oʻsishi, aholi farovonligi hamda xarid qobiliyatining ortishiga chetdan kiradigan pul oqimi ham katta taʼsir qiladi, albatta. “Yangi qon” kabi iqtisodiyotga qoʻshiladigan mazkur oqim barqarorligi milliy valyuta qadrsizlanishining oldini olishga xizmat qilishini sezish mumkin. Oʻzbekistonga keladigan pul oqimi asosan 3 ta yoʻnalishdan iborat:

  1. Milliy mahsulot hamda xizmatlarni eksport qilish oqibatida xorijdan keladigan valyuta.
  2. Pul oʻtkazmalari, yaʼni xorijdagi mehnat muhojirlari joʻnatayotgan pullar.
  3. Investitsiyalar, qarzlar va boshqa jihatlar.

Media muloqotda pul oʻtkazmalari bilan bogʻliq xavotirlarga ham izoh berildi. Jumladan, Rossiyada rublning qadrsizlanishi fonida xorijdan pul oʻtkazmalari kamayishi taxmin qilinadi. Biroq Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi boshlangani va mehnat muhojirlari kam haq toʻlanadigan sohalarda emas, mutaxassisligi boʻyicha ishlashga oʻtayotgani bois koʻproq maosh olishmoqda. Qolaversa, maosh yuqoriroq boʻlgan boshqa davlatlarga ishchi kuchi oqimining ortib borishi ham bu boradagi vaziyatga ijobiy taʼsir qiladi. Xususan, 2024 yil oxirigacha Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari hajmi 15 mlrd dollargacha, 2027 yilga borib esa 20 mlrd dollargacha oʻsishi mumkin. Yuqori maosh toʻlanadigan davlatlardan oʻtkazmalar hisobiga pul oqimlari manbalari yanada diversifikatsiya qilinishi kutilmoqda. Shu boisdan 2025-2027 yillarda pul oʻtkazmalarining fundamental trend doirasida 10-15 foizga oshib borishi va 20 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Banklarga va milliy valyutaga ishonch kuchaygan

Media muloqotda maʼlum qilinishicha, ayni paytda aholining banklardagi depozitlari hajmi 2018 yilga nisbatan 3 baravarga koʻpaygan. Eng ahamiyatlisi, bu depozitlarning 80 foizi soʻmda qoʻyilgan. Bu banklarga va milliy valyuta istiqboliga, inflyatsiyaning pasayib borishiga ishonch ortib borayotganini anglatadi.

Raqamlashtirish va boshqa innovatsiyalar

Oxirgi yillarda bank va mijoz munosabatlariga yangi texnologiyalar va sogʻlom raqobat muhitining kirib borayotgani, umuman bank infratuzilmalarining takomillashayotgani ham kuzatilmoqda. Aholi naqd puldan koʻra bank kartalari yoki boshqa naqdsiz toʻlov vositalari qulayligi bois, ulardan foydalanishni afzal koʻrmoqda. Masalan, xaridorlarning 46 foiz toʻlovlari savdo terminallari orqali naqsdiz usulda qabul qilingan.

Yana bir misol: 2024 yil 1 noyabr holatiga aholi qoʻlidagi naqd pul massasi 265 trln soʻm boʻlsa, shuning uchdan ikki qismi naqdsiz koʻrinishda ekani aytiladi.

Ijobiy tendensiya saqlab qolinadi

Xulosa qilib aytganda, Markaziy bankning makroiqtisodiy siyosati va pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tahlillari shuni koʻrsatadiki, mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanish yoʻlida davom etmoqda. Hatto vahimaga sabab boʻlayotgan tashqi qarz masalasi ham xalqaro moliya tashkiloti nazarida meʼyoridan oshmagan: davlatning tashqi qarzi YaIMning hali 38-40 foiz darajasida, 60 foizlik “qizil” chegaraga yetib borganimiz yoʻq.

Eng muhimi, aholi farovonligini oshirish, inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash orqali iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash Markaziy bankning asosiy maqsadlaridan biri boʻlib qolmoqda. Shu maqsadda, kelgusida ham pul-kredit siyosati doirasida targetlar va makroiqtisodiy siyosatning asosiy vazifalari belgilab olingan. Bu qadamlar milliy iqtisodiyotni yanada kuchaytirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+