Josuslik: AQSh – Markaziy razvedka boshqarmasi
Fosh boʻlmaslikning uddasidan chiqa olgan ayrim agentlarning nomlari oʻlganidan keyin ham oshkor qilinmaydi. Ular maxfiy hujjatlar sahifalarida qolib ketishadi.
Axborot – oʻta qimmat tovar. Ammo “tez buziladigan” tovar. Kimki axborotga egalik qilsa vaziyatga ham egalik qiladi.
Asrlar davomida insoniyat axborotning qimmatini anglab yetdi. Davlatlar paydo boʻlgach, kerakli axborotni izlash maʼlum bir tuzilmalar va shaxslar zimmasiga yukandi. Bunday tuzilmalarni odatda razvedka (ruscha – “tadqiq etish, oʻrganish”, inglizcha – Intelligence assessment – “aqliy koʻmaklashuv”) deb atala boshlandi. Vaqt oʻtishi bilan bilim, tajriba va koʻnikmalar toʻplandi. Texnologiyalar va ilm-fan rivojlanishiga hamohang ravishda axborot olish usuli va vositalari takomillashib bordi.
Razvedka – bu oʻz xavfsizligini taʼminlash yoki harbiy siyosiy va iqtisodiy ustuvorlikka erishish maqsadida raqib, dushman yoki raqobatchi haqidagi (chunki iqtisodiy razvedka ham mavjud) maʼlumot va axborotni toʻplash, baholash, qayta ishlash va realizatsiya – amalga tatbiq etishda koʻmaklashishdan iborat boʻladi.
Razvedka ochiq va yopiq maʼlumotlarni legal va nolegal yoʻllar bilan qidirib topadi. Buning uchun maxsus vositalar va usullarga hamda inson omiliga – agentlarga tayanadi.
Urush sharoitida razvedka xizmatining ahamiyati beqiyos boʻladi. Dushmanning asl qudrati va rejalaridan xabardor boʻlib turish, harbiy texnika askarlar soni va qudratidan ham koʻra qimmatliroq ahamiyat kasb etadi odatda.
Aslini olganda, razvedkaning primitiv shakllari hayvonlar va hasharotlarga ham xos hodisa. Bu dushman yoki oziq-ovqat va oʻlja manbai haqidagi maʼlumotlarni topish va qabilasiga yetkazishni oʻz ichiga oladi. Masalan, razvedkachi asalarilar yangi gullar makonini topishsa, uyasiga qaytib kelib, jamoasi oldida oʻziga xos “raqs” ijro etish orqali manba qayerda, qancha miqdorda va qancha masofada ekani haqida boshqa ishchi asalarilarni xabardor qilar ekan.
Dunyoda hozirgi vaqtda deyarli har bir davlatning oʻz razvedka xizmatlari, hatto razvedka xizmatlari hamjamiyatlari mavjud. Razvedka xizmatining qanchalik katta, qudratli, samarali boʻlishi, qanday imkoniyat va vakolatlarga egaligi davlatning oʻz oldiga qoʻygan maqsad va vazifalari, xalqaro siyosiy-harbiy vaziyat hamda tuzilmani moliyalashtirish imkoniyatlariga bevosita bogʻliq.
Markaziy razvedka boshqarmasi
Hozirgi davrda AQSh nafaqat harbiy jihatdan, balki razvedka xizmatlarining qudrati va samaradorligi hamda imkoniyatlari jihatidan ham peshqadam hisoblanadi. Amerika razvedka xizmatlari orasida esa, hech shubhasiz, Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) yetakchi oʻrin tutadi.
Amerika Qoʻshma Shtatlarining MRB (inglizcha - Central Intelligence Agency; CIA) AQSh federal hukumatining mustaqil agentligi boʻlib, uning asosiy vazifasi xorijiy tashkilotlar va fuqarolarning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilishdan iborat.
MRB AQSh tashqi razvedka va kontrrazvedka tizimining asosiy organi hisoblanadi.
Katta Jorj Bush nomidagi razvedka markazi nomi bilan ham tanilgan MRBning bosh qarorgohi Vashingtondan 13 km. uzoqlikda, Virjiniya shtatining Ferfaks okrugidagi Lengli shahrida joylashgan.
Ichki xavfsizlik agentligi boʻlgan Federal qidiruv byurosidan farqli oʻlaroq, MRB huquqni muhofaza qilish funksiyalariga ega emas va birinchi navbatda tashqi razvedkaga eʼtibor qaratadi. Lekin shunga qaramasdan, MRB ayrim ichki razvedka va kontrrazvedka elementlariga ega. Garchi AQShning tashqi razvedkaga ixtisoslashgan yagona davlat idorasi boʻlmasa-da, elektron razvedka bilan shugʻullanadigan Milliy xavfsizlik agentligi ham mavjud. Bundan tashqari, MRB prezidentning koʻrsatmasi bilan yashirin operatsiyalarni qonuniy ravishda amalga oshirish va nazorat qilish vakolatiga ega boʻlgan yagona agentlikdir. MRB oʻzining taktik boʻlinmalari, masalan, Maxsus faoliyat boʻlimi orqali tashqi siyosatga taʼsir koʻrsatadi.
MRB Amerika Qoʻshma Shtatlari razvedka jamiyatining bir qismi boʻlib, uni Milliy razvedka direktori boshqaradi.
Tarixga nazar
AQSh hukumati tashkil topganidan beri razvedka masalasiga katta eʼtibor berib kelgan. Bu hatto mustaqillik uchun kurashda ham yordam bergan. Biroq razvedka bilan shugʻullanadigan alohida tuzilma mavjud boʻlmagan. 1881 yilga kelib, Harbiy-dengiz boshqarmasi va Armiya harbiy razvedka boʻlimi tashkil etilgan. Birinchi jahon urushida razvedka maʼlumotlarini toʻplashni Qidiruv-tekshiruv byurosi oʻz zimmasiga olgan. (Keyinchalik uning asosida Federal qidiruv byurosi (FQB) (FBI - Federal Bureau of Investigation) tuzilgan.
MRB tarixi esa Ikkinchi jahon urushi avjiga chiqqan va bu AQSh manfaatlari hamda siyosiy-harbiy imijiga tahdid sola boshlagan davrlarga toʻgʻri keladi. Shu vazifalardan kelib chiqqan holda 1942 yilda Strategik xizmatlar boshqarmasi (SXB) tashkil etilgan edi.
MRB esa 1947 yilda AQSh prezidenti Garri Trumen tomonidan imzolangan va 1947 yil 18 sentabrda kuchga kirgan Milliy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun bilan tuzilgan. Uning xodimlarining 3 dan 2 qismi ana shu SXB veteranlaridan iborat edi. MRB SXBning barcha funksiyalarni oʻz zimmasiga olgan, biroq uning vakolatlari va moliyalashtirish koʻlami ancha kengaytirilgan. Ilgari MRB tashkil etilishidan oldin uning vazifalarini Federal qidiruv byurosi (FQB) oʻz zimmasiga olgan edi, ammo hozirda FQB yurisdiksiyasi faqat ichki siyosat bilan cheklangan, MRB esa oʻz vazifalarini faqat AQSh chegarasidan tashqarida amalga oshirish huquqiga ega.
MRB boshligʻi 2005 yilgacha Markaziy razvedka hamjamiyati direktori boʻlgan. Lavozim 1946 yil yanvar oyida AQSh hukumatining razvedka faoliyatiga umumiy yoʻnalish berish uchun yaratilgan, ammo 1947 yilgi qonun direktorga MRB boshligʻi, shuningdek, AQSh prezidentining razvedka masalalari boʻyicha maslahatchisi hamda Milliy xavfsizlik kengashi aʼzosi kabi qoʻshimcha masʼuliyatni berdi. 1981 yilda direktor Razvedka hamjamiyatining rahbari boʻldi.
MRBning birinchi rahbari Markaziy razvedkaning uchinchi direktori, kontr-admiral Rosko Xilenkoyetter boʻlgan.
2021 yil 19 martda Uilyam Berns MRB direktori etib tayinlandi. U ushbu razvedka xizmatiga rahbarlik qilgan birinchi diplomat mutaxassis hisoblanadi.
Moliyalashtirish manbasi
MRB byudjeti 1949 yildan boshlab maxfiy hisoblanadi. Bu tashkilotga oʻz tuzilmasi, kadrlari soni va maoshi haqidagi maʼlumotlarni maxfiy tutish huquqi berilgan. Lekin ayrim maʼlumotlarga koʻra, 1997 yilda MRB ga ajratilgan byudjet 26,6 mlrd. dollar boʻlgan. 1998 yilda mazkur byudjet 26,7 mlrd. dollarni tashkil etgan. MRB xodimlari esa jami 20 ming kishiga yaqinligi ochiqlangan.
Agentlar va korrupsiya
MRB oʻz agentlarini tayyorlash va oʻqitish uchun ikkita maxsus oʻquv markaziga ega. Asosiysi – Farm (inglizcha “ferma”) – Virjiniya shtatidagi Kamp Piri armiyasi bazasida joylashgan. Ikkinchi markaz – The Point (inglizcha “nuqta, guruh”) Shimoliy Karolina shtatining Harvey Point shahrida joylashgan.
MRB hamma oʻylaganidek, qonunning har bir har bir harfiga amal qilib faoliyat koʻrsatmagan davrlar ham boʻlgan. Masalan, 2008 yilda XX asrning ikkinchi yarmida MRB xodimlari va ularning biznes hamkorlari MRB tomonidan olingan maxfiy maʼlumotlardan oʻz manfaati uchun foydalangani maʼlum boʻlgan.
Shuningdek, terrorchilikka qarshi kurash jarayonida MRB xodimlarining oʻz vakolat doiralaridan chetga chiqishlari ham kuzatilgan. Misol uchun, 2007 yil dekabr oyida MRB gumonlanuvchilarning soʻroq paytidagi ikkita videotasmasini yoʻq qilganini tan oldi. Boshqarmaning oʻsha paytdagi direktori Maykl Xeyden MRBning oʻz xavfsizlik xizmati fikriga tayanib, usullar qonuniy ekanini taʼkidladi. MRB oʻz xodimlarini ayblovchi dalillarni yoʻq qildi. Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi bu borada shunday dedi: “Ushbu lentalarni yoʻq qilish ayrim fuqarolarni qiynoqlar va hokimiyatni suiisteʼmol qilganliklari uchun jinoiy taʼqibdan saqlab qolish uchun ijro hokimiyatidan keng koʻlamli va uzoq muddatli foydalanish tizimining bir qismidir”.
2008 yil fevral oyida Maykl Xeyden uning zobitlari soʻroq paytida gumonlanuvchini "choʻkish" effektiga erishish uchun vaqtincha suvga choʻmdirish usulidan foydalanganini tan oldi. MRB bu qiynoqlarni hisobga olmaydi va uni "qattiqroq soʻroq qilish usuli" deb belgilaydi. Hammasi boʻlib 18 ga yaqin shunga oʻxshash usullar ishlatilgan holatlar maʼlum. AQSh Kongressida MRBni soʻroqqa tutishgan paytida maʼlumot olishning ushbu usulidan foydalanishni taqiqlash taklifi ilgari surildi. Biroq oʻsha paytdagi prezident Jorj Bush bunday qonunga veto qoʻyishini aytdi. AQShning navbatdagi prezidenti Barak Obama 2009 yil 22 yanvarda qiynoqlardan foydalangan holda soʻroq qilishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. 2009 yilda AQSh Adliya vazirligi rahbariyati MRB xodimlarining bunday soʻroq usullarini qoʻllashga ruxsat berganlarni jinoiy javobgarlikka tortish mumkinligi haqidagi munozaralarni boshladi.
Maxfiy qamoqxonalar
MRB bosh-qosh boʻlgan, terrorizmda gumon qilingan shaxslar saqlanadigan maxfiy joylar haqidagi maʼlumotlar inson huquqlari tashkilotlari va jahon OAVlari tomonidan eʼlon qilingan. 2005 yil 2 noyabrdan boshlab bu maʼlumot Amerika OAVlarida paydo boʻldi.
Jumladan, 2001 yilda AQShda sodir etilgan terrorchilik aktidan soʻng, Iroq (“Abu Gʻarib” qamoqxonasi) va Afgʻonistonda hamda Kuba yaqinida (“Kemp Delta” yoki “Guantanamo” qamoqxonasi) MRBning maxsus qamoqxonalari (ayrimlari maxfiy boʻlgan) tashkil etilib, terrorchilikda gumon qilingan mahbuslar ogʻir hayot sharoiti va qiynoqlar va xoʻrlashlar ostida yashagan. Ularni qoʻlga olishganida ayblov eʼlon qilinmagan va ushlab oʻtirish muddati koʻrsatilmagan.
2006 yilda AQSh prezidenti Jorj Bush bunday qamoqxonalarning mavjudligini rasman tan oldi. Prezident ushbu mavzudagi nutqida bunday muassasalar xavfsizlik nuqtai nazaridan zarurligini va u yerda faqat terrorizmda gumon qilingan oʻta xavfli shaxslar saqlanishini taʼkidladi.
2009 yil 23 yanvarda AQSh prezidenti Barak Obama MRBning barcha maxfiy qamoqxonalarini yopish toʻgʻrisida farmon chiqardi. 2009 yil aprel oyida MRB direktori L.Panetta xorijda joylashgan barcha qamoqxonalar yopilgani haqida bayonot berdi.
Hozirga kelib, mazkur qamoqxonalarda nohaq saqlangan va qiynoqqa solingan sobiq mahbuslarning aksariyati ozodlikka chiqarilgan va ularga yetkazilgan aziyat uchun tovon pullari toʻlangan.
Qayd etish joiz, MRB AQShdan tashqarida bunday qamoqxonalar qurganining sababi – ular avvalo AQSh jamoatchiligi nigohidan uzoqda boʻladi. Qolaversa, ularga AQShning demokratik qonunchiligi talablari tatbiq etilmaydi.
Nima eksang, shuni oʻrasan...
MRB agentlari nafaqat boshqalardan maʼlumot olib, ularga taʼsir qilish bilan shugʻullanadi, balki oʻzlari ham razvedka obʼektiga aylanishgan baʼzan. Yaʼni, boshqa davlatlarning maxsus xizmatlari MRB agentlari yoki sobiq agentlarini yollashga urinadi, MRB ichida oʻz “quloq”lari boʻlishiga harakat qilishadi.
Masalan, AQShning Indiana shtatidagi Terre-Xot shahridagi qattiq tartibdagi federal qamoqxonada 30 yil avval SSSR va AQSh oʻrtasidagi josuslik mojarosi va katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan mahbus saqlanadi. 81 yoshli mahbus – Oldrich Xeyzen Eyms bir umrga, avf etish huquqisiz ozodlikdan mahrum etilgan. Eyms MRBda rahbarlik lavozimida ishlagan va keyinchalik oʻz xizmatini KGBga taklif etgan. Eyms 9 yil mobaynida juda koʻp qimmatli maʼlumotlarni SSSRga uzatib turgan.
Bunday xoinlar MRB tarixida koʻp boʻlgan. 2019 yilda ham ana shunday xoinlardan biri fosh etildi: MRBning sobiq agenti Chun Shin Li AQShda 19 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. 55 yoshli AQSh fuqarosi Shin Li nafaqaga chiqqanida, Hongkongda Xitoy maxsus xizmatlari xodimlari u bilan bogʻlanib, bir necha yuz ming dollar evaziga uning MRBdagi 13 yillik xizmati davomida bilib olgan barcha sirlarini, jumladan, AQSh mudofaa kompleksi haqidagi maʼlumotlarni yozib olishadi.
Biroq AQSh kontrrazvedka xizmatlari Shin Lini fosh qilgan va uni mahkamaga tortgan. Taʼkidlash kerak, bu 2019 yilda fosh qilingan uchinchi MRB sobiq agenti boʻlgan.
XOTIRA
Kinofilmlarda tasvirlangan josus va maxsus xizmat agentlari – turli Jeyms Bond yoki “007 agent”lar obrazi hamda ular haqidagi stereotiplar bir qadar toʻgʻri: ular katta maosh olishadi, oʻzi va oilasining ijtimoiy himoyasi kafolatlangan. Xorijiy mamlakatlar boʻylab sayohat qilishadi, katta lavozimdagi odamlar va goʻzal qizlar hamrohligida ish olib borishadi. Vatani va xalqi uchun katta foyda keltirayotganidan ruhiy qoniqish hosil qilib yashaydi. Nafaqaga chiqqanida ham tinch va farovon hayot kechirishlari mumkin.
Ammo agentlar har doim ham kelishgan va yosh yigit-qizlar boʻlmaydi, qimmatbaho mashina va uylar, farovon va goʻzal hayot qurshovida yashab-ishlamaydi. Agent munkillagan keksa kishi yoki koʻrimsiz talaba yigit ham boʻlishi mumkin. Agentlar muttasil va xavotirlar ichida, yolgʻonlar va boshqa tipaj va rollarni oʻynash yuki ostida yashaydi koʻpincha.
Qolaversa, agentlarning hammmasi ham nafaqa yoshigacha yetib bora olmaydi. Maxsus topshiriqlarni bajarish chogʻida oʻldirilgan, qiynoqqa solingan va qamoqqa tashlangan, bir umrga nogiron boʻlib qolgan josuslar haqidagi xabarlar bir talay. Chunki MRB xodimlarining hayoti qiziq, ammo xavfli; muhim, ammo nozik. Chunki bir askar yoki komandir xato qilsa, uning oqibatlari arzimas boʻladi, bu xatoni toʻgʻrilash mumkin. Biroq agent xato qilsa yoki qoʻlga tushib qolsa, bu holat xalqaro munosabatlar hamda biror davlat bilan aloqalarga putur yetishi, xalqaro mojaro hamda nizolarga olib kelishi mumkin. Yoki qoʻlga tushgan agent qiynoqlar natijasida boshqa hamkasblarini “sotish”ga majbur boʻlishi tufayli bir necha yillar davomida katta mehnat va mablagʻ sarflab shakllantirilgan butun boshli agentlar tarmogʻi hamda axborot olish mexanizmi fosh etilib, barbod boʻlishi mumkin. Lekin shu bilan bir qatorda, bir agent erishgan muvaffaqiyatga butun boshli armiya yoki iqtisodiy gigantlar erisha olmasligi mumkin. (Masalan, sobiq SSSRda erishilgan barcha texnologik muvaffaqiyatlar hamda sanoat yutuqlari (jumladan, harbiy texnika va yadro qurollari ham) KGB josuslari tomonidan Gʻarbdan oʻgʻirlangan.)
Biroq MRB oʻz vatani manfaatlari uchun, xizmat vazifalarini ado etish yoʻlida halok boʻlgan agentlarini hech qachon unutmagan. Ularning xotirasi abadiylashtiriladi, oila aʼzolari davlat taʼminotida boʻladi. Biroq, fosh boʻlmaslikning uddasidan chiqa olgan ayrim agentlarning nomlari oʻlganidan keyin ham oshkor qilinmaydi. Ular maxfiy hujjatlar sahifalarida qolib ketishadi. Bundaylar MRB memoriali devoridagi navbatdagi nomsiz yulduzchaga aylanadi xolos. Chunki ularni oshkor qilish butun tizim yoki boshqa amaldagi agentlar faoliyatiga ham salbiy va hatto halokatli taʼsir qilishi mumkin.
MRB xotira va sharaf devori 1974 yilda paydo boʻlgan. Alabama marmaridan yasalgan ushbu devorda har bir halok boʻlgan xodim xotirasiga bittadan yulduzcha oʻyib tushirilgan. Devor oldida "Sharaf va xotira kitobi" qoʻyilgan boʻlib, unda vafot etgan xodimlarning ismlari va halok boʻlgan yil koʻrsatilgan. Shuningdek, kitobda bir necha oʻnlab nomsiz yulduzlar bor – ular maxfiy tutilishi lozimligi bois, oʻlimlaridan keyin ham oshkor etilmagan xodimlarga bagʻishlangan. Ayni paytda "Sharaf va xotira kitobi"da 37 ta nomsiz yulduz mavjud.
“Oʻlim ilhomlantiruvchi yoki qahramonlik boʻlishi kerak”...
Mukofotga loyiq nomzodlarni tanlash uchun MRB direktori huzurida Jasorati va qahramonligi uchun taqdirlash kengashi bor. Kengash quyidagi mezonlarni hisobga oladi: Avvalo, “oʻlim xorijda yoki AQShda roʻy bergan boʻlishi mumkin. “oʻlim ilhomlantiruvchi yoki qahramonlik boʻlishi kerak”. Oʻlim xodimning xizmat burchini bajarishi chogʻida yoki terrorchilik akti oqibatida yoki (ushbu xodimning MRBga mansubligi inobatga olingan holda) xodimga qarshi qaratilgan qasddan hujum oqibatida, harbiy harakatlar yoki xavf-xatarlarning bevosita oqibatida, urush hududlarida yoki boshqa oʻta xavfli vaziyatlarda xizmat qilish paytida roʻy bergan boʻlishi lozim.
MRB direktori taqdirlashga nomzodlikni tasdiqlaganidan soʻng, doimiy tosh oʻymakori Tim Jonson ushbu marhum xodimga bagʻishlangan yangi yulduzni devorga oʻyib chizadi.
Dastlab AQShning Janubi-Sharqiy Osiyodagi harbiy kampaniyasi paytida halok boʻlgan MRB xodimlari xotirasini shu tarzda ulugʻlashga qaror qilishgan. Biroq keyinchalik ushbu anʼana koʻlami kengayib, qayerda ishlaganidan qatʼi nazar, barcha xodimlar uchun ham tatbiq etila boshlandi.
Shuni taʼkidlash kerakki, yangi yulduzlarning paydo boʻlishi hozirgi kundagi voqealarga bogʻliq emas, ular 10-20 yil avvalgi marhum agentlar xotirasiga ham paydo boʻlishi mumkin.
Oxirgi yulduz
Oʻtgan yili Rossiya propagandasi ruslarning Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi binosiga bergan raketa zarbalaridan keyin Memorial devoridagi yulduzlar bittaga koʻpayib qolgan (139 tadan 140 taga chiqqan), demak, binoda AQSh MRB agenti ham halok boʻlgan, degan feyk xabarlar tarqaldi.
Biroq bu yolgʻon xabarligi aniqlandi. Chunki AQShning Lengli shahridagi MRB binosida oʻtkazilgan navbatdagi xotira marosimi 2023 yil 23 may kuni – Ukraina mudofaa vazirligi binosiga berilgan zarbadan 6 kun avval oʻtkazilgan va 140-yulduz oʻyib chizilgan.
Bu yulduz 1969 yil 5 yanvarda Tailand janubida, Laos sari parvoz qilayotgan samolyot aviahalokatga uchrashi natijasida vafot etgan amerikalik shifokor Jon Evans xotirasiga paydo boʻlgan. Oʻsha paytda shifokor polkovnik harbiy rutbasida edi va AQShning Tailanddagi elchixonasida ishlagan. Jon Evans AQShdagi Arlington harbiy memorial qabristoniga dafn etilgan.
Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.