“Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida sport yoʻnalishida ochiq muloqot oʻtkazildi
25 noyabr kuni “Zakovat arena” binosida oʻtgan muloqotda taniqli sportchilar va yuzlab yoshlar ishtirok etdi.

Yoshlarni sogʻlom turmush tarziga jalb qilish, sportga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, yanada ruhlantirish va soha mutaxassislari bilan fikr almashishlariga imkon yaratish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan “Zakovat arena”da tashkillashtirilayotgan navbatdagi ochiq muloqot sportga bagʻishlandi.
Tadbirda bir qator professional sport ustalari, xususan, 2024 yilgi Parij Olimpiadasi bronza medali sovrindori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi Muzaffarbek Toʻraboyev, 2020 yilgi Tokio Olimpiadasi gʻolibi, Olimpiada rekordchisi, 2024 yilgi Parij Olimpiadasi kumush medali sovrindori, ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayev, kibersportchi bloger Shohruz Nazarov, shuningdek, taniqli sport jurnalisti Hilola Isoqova kabi spikerlar ishtirok etdi va yoshlarni sport bilan shugʻullanishning foydali jihatlari haqida qiziqarli maʼlumotlar berdi va hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Ochiq muloqot yakunida yoshlarni soha boʻyicha qiziqtirgan savollariga spikerlar atroflicha javob berdi hamda kerakli maslahatlar ulashdi.




