OAV: Isroil Livanda oʻt ochishni toʻxtatishni maʼqulladi
Kelishuv loyihasi Isroil harbiylari Livan janubini tark etishi kerak boʻlgan 60 kunlik oʻtish davrini oʻz ichiga oladi. Livan armiyasi esa chegaraga yaqin hududlarga joylashtirilishi kutilmoqda.

Isroil Livanda "Hizbulloh" guruhi bilan taklif qilingan oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvni vaqtinchalik maʼqulladi. Bu haqda Ynet portali Isroil, Amerika va Livan manbalariga asoslanib xabar berdi.
Ularning fikricha, toʻliq yakuniy qarorni Isroil hukumati qabul qilishi kerak. Amerikaning Axios portali AQShning Yaqin Sharq boʻyicha maxsus vakili Amos Xokshteyn Isroil hukumati yaqin kunlarda oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishmasa, muzokaralardan chiqish bilan tahdid qilganini yozdi.
Portalning yozishicha, kelishuv loyihasi Isroil harbiylari Livan janubini tark etishi kerak boʻlgan 60 kunlik oʻtish davrini oʻz ichiga oladi. Livan armiyasi chegaraga yaqin hududlarga joylashtirilishi kutilmoqda, "Hizbulloh" esa ogʻir qurollarini Litani daryosidan shimolga olib boradi.
Shuningdek, tashabbusning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun AQSh boshchiligidagi qoʻmita tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Isroilning yuqori martabali mulozimining aytishicha, kelishuv shu hafta rasman eʼlon qilinishi mumkin. Axios uchun isroillik nomi oshkor etilmagan yana bir manbaning taʼkidlashicha, bir nechta savollar hali ham hal etilmagan.
Sentabr oyi oxiridan beri Isroil Livandagi "Hizbulloh" infratuzilmasini yoʻq qilish amaliyotini oʻtkazmoqda. Livan va "Hizbulloh" AQShning Isroil bilan oʻt ochishni toʻxtatish taklifiga rozi boʻlgani oʻtgan hafta maʼlum boʻldi. Guruh Amerikaning sulh bitimi loyihasiga javobini taqdim etdi. Uning bosh kotibi Naim Qosim Isroilning mojarodan keyingi davrda kuch ishlatish huquqiga ega boʻlishiga qarshi chiqqan.