Intellektual yumorga qiziquvchi yoshlar uchun ochiq muloqot oʻtkazildi
“Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida “Stand Up” yoʻnalishi boʻyicha mahoratli soʻz ustalari va yuzlab yoshlar ishtirok etishdi.
Oʻzbek sanʼatida hazillarni yangi shaklda ijro etish - “Stand Up” janri jadal rivojlanib bormoqda. Bu janr esa xalqimiz tomonidan iliq kutib olindi, olqishlandi va endilikda tobora bu janrga qiziquvchi yoshlar safi ortib bormoqda.
Ana shunday yoshlarga yordam berish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan “Zakovat arena”da “Stand Up” yoʻnalishi boʻyicha ochiq muloqot tashkil qilindi. Unda bir guruh soʻz ustalari va besh yuzdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida nafaqat mahoratli sanʼatkorlar yoshlarga yumorga boy chiqishlar bilan kayfiyat ulashdi, balki soʻz ustaligiga qiziqqan havaskor yoshlar ham oʻz imkoniyatlarini sahnada sinovdan oʻtkazdi. Bu orqali havaskor yoshlar mahoratli sanʼatkorlardan maslahatlar olish imkoniyatiga ega boʻldi.