platina.uz

Barnum-Forer psixologik effekti

Munajjimlar bashoratiyu soxta tabiblarga tez ishnouvchanlik odati fanda shunday ataladi.

Maqola
24-noyabr, 15:37
Barnum-Forer psixologik effekti
Fotokollaj: Platina.uz

Folbinlarga va soxta tabiblarga ishonib borgan laqma va johil odamlarni aldashning ming yillik va samarali yoʻllari koʻp.

“Siz falonday odam ekansiz, xulq-atvoringiz mana bunday ekan” yoki “falon joyingiz bezovta qilar ekan, falon narsadan shikoyat qilmoqchi boʻlyapsiz” qabilidagi, hamma uchun umumiy va bir xil gaplar aytilsa kifoya. Laqma mijoz bu umumiy gaplardan xususiy xulosalar chiqarib, oʻzidagi haqiqiy belgilarga “toʻgʻrilab” oladi va yolgʻonchi folbin yoki tabibga ishona boshlaydi.

Umumuan, odamzot noaniq va umumlashgan maʼlumotdan oʻzi istagan yoki ishongan maʼlumotni chiqarib olishga moyil boʻladi. Agar biror joyda munajjimlar bashoratini oʻqib qolib, sizni burjingizdagi odamlarga qaratilgan, “bugun ehtiyot boʻling, sizni falokat kutyapti” degan jumlalarni oʻqib qolsangiz, albatta aqli raso odam sifatida ishonmaysiz. Biroq oʻsha kuni tasodifan biror noxushlik roʻy bersa, darrov shu “bashorat” yodingizga tushadi, “oʻsha goroskopda toʻgʻri yozilgan ekan-da” deb oʻylab qolasiz beixtiyor.

Bunday psixologik effektning ilmiy nomi – Barnum-Forer effekti deyiladi.

Ilmiy izoh

Demak, Barnum-Forer effekti – psixologik hodisa boʻlib, unda odamlar umumiy va noaniq bayonotlarni oʻzlarining shaxsiy xususiyatlarini yoki holatlarini toʻgʻri tavsiflovchi maʼlumot sifatida qabul qilishadi. Bu taʼsir nega munajjimlar bashorati, folbinlik va psixologik testlar noaniq va umumiy boʻlishiga qaramay, juda aniq ifodalaydigandek tuyulishini tushuntirib beradi.

Atamaning kelib chiqishi va tarixi

Bu psixologik hodisa XIX asrda yashagan amerikalik shoumen, “bizda har bir inson uchun nimadir bor” deya taʼkidlashni yaxshi koʻrgan P.T.Barnum sharafiga shunday nomlangan.

1948 yilda psixolog Bernard Forer bir tajriba oʻtkazdiki, u keyinchalik mazkur effektning klassik tadqiqotiga aylandi.

Forer oʻz talabalariga shaxsiy xususiyatlarni aniqlovchi testlarni tarqatdi. Talabalar ushbu test savollariga javob berib boʻlishgach, goʻyoki shu test natijasida aniqlangan shaxsiy xulq-atvor haqidagi profil maʼlumotlarini ularga tarqatdi. Barcha talabalar hayratda qolishdi. Testning ular xarakterini naqadar aniq topganidan qoniqish hosil qilishdi. Biroq gap shundaki, barcha talabalarga bir xil xulosa-profil tarqatilgan edi!

Goʻyoki testdagi savollarga berilgan javoblar asosida olingan umumiy xulosa matnida quyidagi jumlalar bor edi:

“Odamlar sizni yaxshi koʻrishini va sizga mahliyo boʻlishini istaysiz.”

“Siz hali koʻpgina qobiliyatlaringizni yuzaga chiqarmagansiz.”

“Siz baʼzida ayrim qarorlaringiz toʻgʻriligiga shubha qilasiz”.

Qizigʻi shundaki, har bir talaba bu matn faqatgina uning uchun yozilganiga ishongan. Psixolog Forer ulardan bu xulosa-profilning qanchalik toʻgʻriligini “noldan 5 gacha boʻlgan” shkala boʻyicha baholashni soʻraganida, oʻrtacha baho 5 balldan 4,26 ballni tashkil etdi. Bu esa odamlar umumlashtirilgan bayonotlarni faqat oʻziga xos va noyob deb qabul qilishlarini isbotladi.

Tarixiy va zamonaviy misollar

Mazkur effektga misollar inson hayotida koʻp uchraydi.

Masalan, oʻtmishda odamlar osmonda chaqmoqlar chaqishini tushuna olishmagan. Buni shamanlar “chaqmoq xudosi qilyapti”, deb tushuntirgan. Agar birorta gunohkor odamni chamoq urib oʻldirsa, odamlar “ha, buni rostan chaqmoq ilohi qilar” ekan deya talqin qilib, bu fikrga batamom ishonishgan.

Yoki eramizning 79-yilida Pompey yaqinida Vezuviy vulqoni otilib, odamlarni halok qilgan. Vulqon otilishidan bir kun oldin oʻpqondan quyuq tutun va uchqunlar chiqib, goʻyoki odamlarni ogohlantirgan. Biroq oʻsha kunlari yon-atrofdagi shahar va qishloqlardan odamlar yigʻilib kelib, vulqon “ilohi”ga bagʻishlangan katta bayram oʻtkazib, oʻyin kulgi qilishgan, qurbonlik keltirishgan. Ular vulqon tutunlari va uchqunlarini koʻrib, “Vulqon ilohi qurbonligimizni qabul qildi, bizdan rozi boʻldi” deya talqin qilishgan va qochishga urinishmagan. Vulqonning “ogohlantirishlari” – ularning “ilohlar bizdan rozi boʻlyapti” degan fikrlarini isbotlashga xizmat qilgan.

Yana bir misol. Vanga yoki Nostradamus bashoratlari haqida koʻp eshitganmiz. Dunyoda nimadir muhim voqea roʻy bersa, darrov shu odamlarning “kitoblaridagi bashoratlar” esga tushib qoladi. “Mana qaranglar, shu voqeani falonchi mana buncha yil oldin bashorat qilib ketgan ekan” deyishadi. (Lekin negadir shu voqealardan oldin bu “bashoratlar” borligini hech kim bilmay qoladi.)

Aytaylik, oʻsha bashoratchilarga mansub koʻriladigan maʼlumotlarda “2022 yilda Sharq tarafdan bir toʻfon koʻtarilib, qoʻshni hududga yopirilib, vayron qiladi”, deb yozilgan boʻlsa, ayrimlar “ha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini nazarda tutgan ekan” deyishadi. Lekin ayrimlar, masalan, Afrikadagi odamlar, “ey, bu bilan Mavriykiy orolining shimoli-gʻarbida shakllangan Batsiray sikloni Madagaskar oroliga yopirilgani bashorat qilingan ekan-ku”, deyishadi. Ha, afrikadagilar uchun ham bashorat toʻgʻri chiqdi: Madagaskarga qoʻshni (!) orol yaqinida shakllangan toʻfon sharq tarafdan (!) hujum qildi!

Yoki kimdir qishda, oqshom paytida oʻrmonda, qorda biror ayiq yugurib oʻtganini gʻira-shira koʻrib qolsa, nimaligini aniq payqay olmasa, “qor odamni koʻrgandirman”, deb oʻylab qoladi. Keyin esa oʻsha joyda ayiqning toyibroq tashlagan izlarini koʻrib, odam iziga oʻxshatib talqin qiladi va oʻz taxminining toʻgʻriligiga ishonch hosil qiladi. “Aniq “qor odam”ni koʻribman”, deb oʻylaydi. Bu yerda noaniq tasvir va izlar shu “guvoh” miyasida Barnum-Forer effektini hosil qiladi.

Oʻzga sayyoraliklar yoki ularning uchar likopchalarini “koʻrgan” koʻpchilik odamlar ham aslida yerga qulayotgan raketa parchalari, zond, tutun yoki bulutlarni shunga oʻxshatadi. Barnum-Forer effekti ularning bu xato ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Nega Barnum-Forer effekti doim ish beradi?

1. Tasdiqlatish istagi. Odamlar koʻpincha oʻz fikrlari toʻgʻriligini tasdiqlatib olishga intilishadi va umumlashtirilgan bayonotlar bu fikrlarni oʻz “foydalariga” talqin qilishga yordam beradi.

2. Foyda effekti. Umumlashtirilgan bayonotlar koʻpincha ijobiy boʻlib, odam oʻzini beqiyos va ijobiy his qilishiga yordam beradi.

3. Noaniqlik. Keng koʻlamli va noaniq iboralar har kim uchun oʻziga yaqin fikrni “topishiga” imkon beradi.

Statistika va tadqiqotlar

Barnum-Forer psixologik effektini oʻrganish boʻyicha ilmiy tajribalar soʻnggi oʻn yilliklarda bir necha bor oʻtkazilgan. Buyuk Britaniyadagi psixologiya professori Richard Uizman olib borgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, bunday tajribalar ishtirokchilarining 85 foizi noyob xislat sifatida taqdim etilgan biroq umumlashtirilgan tavsiflarning toʻgʻriligiga ishonadi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, shaxsning ijobiy va salbiy xususiyatlarini oʻz ichiga olgan umumlashtirilgan iboralar ayniqsa kuchli taʼsir qiladi. Misol uchun, “Siz oʻzingizga ishonasiz, lekin baʼzida sizda qatʼiylik yetishmaydi” kabi iboralar tajriba ishtirokchilarining 70% dan ortigʻi tomonidan toʻgʻri deya qabul qilingan.

Mutaxassislarning fikrlari

Taniqli psixolog va his-tuygʻularni aniqlash boʻyicha mutaxassis Pol Ekmanning taʼkidlashicha, Barnum-Forer effekti insonning atrofimizdagi mavhum dunyodan maʼno topish istagiga asoslangan. Bu istak, agar ular bizning shaxsiyatimiz bilan bogʻliq boʻlsa, bizni hatto eng umumiy bayonotlarning haqiqat ekanligiga ishonishga majbur qiladi.

Barnum-Forer effektini oʻrgangan yana bir psixolog Rey Xaymanning taʼkidlashicha, umumlashtirilgan bayonotlar “ijobiy noxolislik” tufayli osonlik bilan ijobiy talqin qilinadi. Chunki biz salbiy xususiyatlarga qaraganda ijobiy xususiyatlarga koʻproq eʼtibor beramiz.

Barnum-Forer taʼsiriga qanday chap berish mumkin?

Barnum-Forer taʼsiriga tushib qolmaslik uchun bir necha oddiy qoidalarga amal qilish kifoya boʻladi.

Eng avvalo, tanqidiy fikrlash va tanqidiy yondashuvni unutmang. Umumiy bayonotlarga tanqidiy munosabatda boʻlishga harakat qiling, ayniqsa ularda aniq tafsilotlar boʻlmasa!

Shuningdek, axborot manbalarini tekshiring va oʻrganing. Axborot manbalaringizning ishonchliligini sinchiklab tekshirish lozim. Ayniqsa, u soxta fanlar yoki tekshirilmagan va isbotlanmagan dalillarni oʻz ichiga olgan boʻlsa.

Qolaversa, xulosalardagi jumlalarni tahlil qilish va taqqoslash ham katta yordam beradi. Agar ayni bayonot, fikr va xulosani koʻplab odamlarga nisbatan qoʻllash mumkin boʻlsa, demak, bu individual xulosa emas, balki shunchaki umumlashtirilgan fikr boʻlishi mumkin.

Xulosa qiladigan boʻlsak...

Barnum-Forer effekti qiziqarli psixologik hodisa boʻlib, bizni noaniq, ammo yoqimli iboralar bilan aldash osonligini koʻrsatadi. Ushbu taʼsirni tushunish nafaqat ilmiy tadqiqotlar uchun, balki kundalik hayot uchun ham muhim. Ayniqsa, shaxsiyatni aniqlovchi testlar, munajjimlar bashorati va folbin "bashorat"lari juda koʻpaygan ayni zamonda – qizgʻin axborot asrida bu effektni anglash va uning taʼsirining oldini olish katta ahamiyat kasb etadi.

Qisqasini aytganda, Barnum-Forer effektini tushunish OAVlardan, ijtimoiy tarmoqlardan va boshqa manbalardan olingan maʼlumotlarni yaxshiroq tahlil qilishimizga yordam beradi va umumlashtirilgan bayonotlarga haddan tashqari ishonmaslikka chaqiradi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+