Zoyir Mirzayev 4 nafar hokimni soʻnggi bor qatʼiy ogohlantirdi
Boʻstonliq, Bekobod, Boʻka va Toshkent tumanlari hokimlariga oxirgi imkoniyat berilgan.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 4 ta tuman hokimlarini soʻnggi bor qatʼiy ogohlantirgan.
Jumladan, Boʻstonliq tumani hokimi Joʻrabek Ahmedov mahalliylashtirish dasturi boʻyicha tumanda birorta ham korxona hisobot topshirmagani uchun jazolangan. Oqibatda Boʻstonliqda dastur ijrosi bazada nol boʻlib turgan va bu holat respublika rahbariyati tomonidan haqli eʼtirozlarga sabab boʻlgan.
Bekobod tumani hokimi Shuhrat Doʻsbekov, Boʻka tumani hokimi Baxtiyor Begmatov va Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashev viloyatda oʻtkazilgan sanoat yarmarkasida ushbu tumanlardan birorta ham masʼul rahbarlar hamda korxonalar ishtirok etmagani uchun qatʼiy ogohlantirilgan.
Shuningdek, ijro intizomiga rioya qilmagani, oʻziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagani hamda xizmat vazifalarini bajarishda bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻygani uchun viloyat hokimligi Master-rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha loyiha ofisi bosh mutaxassisi Sardor Usmanovga oʻrtacha oylik ish haqining 10 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan.