platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev "Yashil makon" doirasida koʻchat ekdi

Poytaxtning Bektemir tumanida, Toshkent halqa yoʻli boʻyida yashil hududga asos solindi. Buning uchun 100 gektar yer ajratilgan boʻlib, ikki yilda jami 100 ming tup daraxt va buta koʻchatlari ekilishi kutilmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev "Yashil makon" doirasida koʻchat ekdi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi boqqa koʻchat ekdi.

Bugungi asrga kelib tabiat sofligi eng dolzarb masalaga aylandi. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, choʻllanish, global isish tabiiy muvozanatga va odamlar sogʻligʻiga zarar yetkazmoqda.

Davlat rahbari tashabbusi bilan bundan uch yil avval boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi chinakam xalq harakatiga aylandi. Har yili bahor va kuzda daraxt koʻchatlari ekish anʼanasi jonlandi.

Prezident avvalgi yillarda Yangi Toshkent, Sergeli, Chilonzor tumanlarida koʻchatlar ekkan edi. Bu yil poytaxtning Bektemir tumanida, Toshkent halqa yoʻli boʻyida yashil hududga asos solindi.

Buning uchun 100 gektar yer ajratilgan boʻlib, ikki yilda jami 100 ming tup daraxt va buta koʻchatlari ekiladi. Ularni parvarishlash uchun 3 ta sunʼiy suv xavzasi va 12 ta quduq barpo etildi.

Maʼlumki, “Yashil makon” loyihasida shaharlar yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, xususan, ularning atrofida “yashil belbogʻ” yaratish maqsadi belgilangan. Halqa yoʻli boʻyidagi bu hudud Toshkent “yashil belbogʻ”ining bir qismi boʻladi. Yana bir eʼtiborli tomoni, bu yerda tabiiy oʻrmon shakli hosil qilinadi.

Davlat rahbari jamoatchilik vakillari va chet ellik diplomatlar bilan suhbatlashdi, ushbu xayrli tashabbusga hissa qoʻshayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

- Bu anʼana oʻzi bizda bor. Xalqimiz tabiatni “ona” deydi, yerni, suvni eʼzozlaydi. Buning zamiridagi haqiqat hozirgi ekologik muammolar taʼsirida yaqqol namoyon boʻlayapti. Shuning uchun “Yashil makon” loyihasini boshladik. Kelgusi yil nomini ham atrof-muhitni asrash masalasiga bagʻishladik. Endi bu tashabbuslar keng yoyilishi, ayniqsa, yoshlarimizga chuqur singishi zarur. Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qoʻshishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirni videoaloqa orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar jamoatchiligi ham kuzatdi. U yerlarda ham koʻchatlar ekildi. Ushbu kuzgi mavsumda “Yashil makon” loyihasi doirasida 80 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan.

Bahorda 138 million dona koʻchat ekilgan edi. Vazirlik va hokimliklar 257 ta bogʻ barpo qilgan. Yirik sanoat korxonalari va chiqindi poligonlari atrofiga ham daraxtlar ekilib, “yashil belbogʻ”lar tashkil qilinmoqda.

Avtomobil va temir yoʻllari, daryo va kanallarga tutash yerlar daraxt ekish uchun qariyb 10 ming aholi va tadbirkorga ijara shartnomasi asosida ajratib berildi. “Mening bogʻim” loyihasi doirasida gʻolib deb topilgan 215 ta loyiha boʻyicha bosqichma-bosqich ekish ishlari boshlandi.

Umuman, oxirgi 3 yilda mamlakat boʻyicha jami 646 million tup koʻchat va butalar ekilgan. Orolboʻyida yashil qoplama 2 million gektardan oshgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid