platina.uz
Siyosat

Prezident Xorazm va Surxondaryo boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Har ikki viloyat hokimlari hududlarni rivojlantirish boʻyicha taqdimot qilishgan.

Prezident Xorazm va Surxondaryo boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni Xorazm va Surxondaryo viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Xususan, kelgusi yilda Surxondaryoga 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 425 ming aholini band qilish va eksportni 320 million dollarga yetkazish reja qilingan. Masalan, “Ayritom” xalqaro savdo zonasida bir oyda oʻrtacha 5 million dollarlik mahsulot sotilyapti. Uning hududi 150 gektarga kengaytirilsa, yana 250 million dollarlik loyihalarga joy boʻladi.

Xitoylik investorlar Bobotogʻ hududidagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya kiritib, 2 ming ish oʻrni yaratishni taklif qilyapti. Buning natijasida yiliga 600 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Sherobodning Vandob va Chorbogʻ hududlari esa volfram, koʻmir, osh tuzi, kvars qumi kabi tabiiy resurslar zaxirasiga boy. Bu konlarga 320 million dollar investitsiya jalb qilib, 1,5 ming ish oʻrni yaratish moʻljallangan. Bandixon tumanidagi 50 gektar maydonda Termiz erkin iqtisodiy zonasining filialini ochish rejalashtirilgan.

Qishloq xoʻjaligida Boysun va Uzun tumanlari tabiati kavrak yetishtirish uchun qulay, shu maqsadda 18 ming gektar yaylov va oʻrmon yerlari aholiga berilsa, 4 ming odamning bandligi taʼminlanadi. Uzun, Shoʻrchi va Qumqoʻrgʻondagi xuddi shunday yaylovlarda qoʻychilik va qoramolchilik majmuasi tashkil etish mumkin.

Muzrabotdagi 17 ta kollektorda yigʻiladigan suv qariyb 4 ming gektarda sholi yetishtirish imkonini beradi. Bu orqali yiliga 8,5 ming tonna guruch olinadi, 400 nafar odam doimiy, yana 4,5 ming nafari mavsumiy ish bilan band boʻladi.

Qiziriq tumanida 300 gektarda issiqxona, Oltinsoyda 1 ming gektarda uzumzor tashkil etib, bozorbop mahsulotlar yetishtirish ham yaxshi iqtisodiy samara beradi. Sangardak, Omonxona, Boysun hududida turizm sharoitlarini yaxshilab, kamida 1 million sayyohni jalb qilish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi.

Xorazmga esa kelgusi yil 1,5 milliard dollar investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan. Masalan, Qoʻshkoʻpir tumanida 175 gektar yer sanoat zonasiga qoʻshib berilsa, 1 milliard dollarlik loyihalarga yoʻl ochiladi. U yerda elektrotexnika, kimyo, mashinasozlik va farmatsevtika yoʻnalishida 2 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Shovot kanalining himoya zonasi 50 metrdan 25 metrga qisqartirilsa, 30 million dollarlik loyihalarni joylashtirish mumkin boʻladi. U yerda 1 trillion soʻmlik xizmatlar koʻrsatilib, 2,5 mingta yangi ish oʻrni ochiladi. Gʻazovot va Polvon kanallari atrofida ham 50 million dollarlik loyihalar uchun imkoniyat bor.

Qishloq va suv xoʻjaligida ham omilkorlik zarur. Masalan, Qoʻshkoʻpirda parrandachilik, Bogʻot tumanida baliqchilikni kengaytirish uchun sharoit yetarli. Yangiariqda suv taʼminotini yaxshilab, poliz, sholi va baliq yetishtirish hisobidan 1,2 ming kishini ishli qilish mumkin.

Shuningdek, 44 ta maktab va bogʻchani taʼmirlash, davlat-xususiy sheriklik asosida yangilarini qurish rejalashtirilgan. Urganch, Bogʻot, Shovot va Yangibozor tumanida koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etish moʻljallangan.

Davlat rahbari bu takliflarni mujassam qilib, qaror loyihasi tayyorlash boʻyicha koʻrsatma berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid