Nodavlat maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari barcha soliqlardan ozod etiladi
Ularda ishlovchi chet ellik oʻqituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq toʻlamaydi.

Prezident qaroriga koʻra, nodavlat maktabgacha va maktab tashkilotlari barcha turdagi soliq va yigʻimlardan ozod qilinadi.
“Taʼlim sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-403-son, 22.11.2024) qabul qilindi.
Qaror bilan 2030 yil 1 yanvarga qadar nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari:
-barcha turdagi soliq (bundan ijtimoiy soliq mustasno) va yigʻimlardan ozod qilinadi.
Unda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik oʻqituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq toʻlamaydi.
Shuningdek, 2030 yil 1 yanvarga nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining quyidagi Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovar jihozlariga bojxona toʻlovlari toʻlanmaydi (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno):
-zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari;
-kompyuter texnikasi va dasturiy mahsulotlar;
-oʻquv va ilmiy-metodik adabiyotlar, anjomlar va moddiy-texnik resurslar.
2025 yil 1 yanvardan boshlab:
-nodavlat taʼlim tashkilotlariga doimiy jalb etiladigan pedagog xorijiy mutaxassislarga “A-2” oʻqituvchilar kirish vizalarini berish yoʻlga qoʻyiladi;
-davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga mehnat qilish huquqini beruvchi tasdiqnoma berish yigʻim miqdori BHMning 30 baravaridan 1 baravarigacha kamaytiriladi.