Olmaliqda poraxoʻr suvchilar qoʻlga tushdi
Ular oilaviy poliklinikadagi suv hisoblagich buzilganidan kelgan qarzni yoʻqotmoqchi boʻlishgan.
“Toshkent viloyati suv taʼminoti” AJ abonentlar boshqarmasi mutaxassisi X.A. Olmaliq shahrida joylashgan oilaviy poliklinikadagi suv hisoblagich uskunasining tamgʻasi buzilgani boʻyicha tuzilgan dalolatnomani va qayta hisoblangan 204 mln. soʻm zararni oʻz hamkasbi orqali bartaraf qilib berish evaziga 1600 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
U Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbirda qoʻlgan olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur noqonuniy ishga aloqador boʻlgan AJ abonentlar boshqarmasining yana bir mutaxassisi A.A. oʻz xizmati uchun ushbu puldan 1300 dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Hozir mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.