Fargʻona hokimi turli maqsadlarga salkam 2 mlrd ajratdi
Pullarning katta qismi viloyat malaka oshirish markazini rekonstruksiya qilishga sarflanadi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning farmoyishlari bilan turli maqsadlarga 1,8 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladigan boʻldi.
Jumladan, viloyat xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish hududiy markazi bino-inshootlarini rekonstruksiya qilish ishlari boʻyicha moliyalashtirishni ochish uchun avans toʻlovlariga 1 milliard soʻm sarflanadi.
Fargʻona shahar koʻchalariga manzarali, mevali daraxt koʻchatlari va maysa urugʻlarini ekish bilan bogʻliq xarajatlardan yuzaga kelgan qarzdorliklar uchun 500 million, gul koʻchatlari ekish bilan bogʻliq xarajatlardan yuzaga kelgan qarzdorliklar uchun esa 300 million soʻm ajratiladi.
Pullar viloyat mahalliy byudjetining 2024 yilgi zaxira jamgʻarmasi va 3-chorak daromadlar rejasi oshirib bajarilgan qismi hisobidan qoplanadi.