platina.uz
Jamiyat

Raqobat qoʻmitasi ogohlantirish bilan chiqdi

“Ming bir xastalikka davo” deb, taniqli shaxslar yordamida chalgʻitadigan yolgʻon yoki noaniq, boʻrttiruvchi iboralar bilan reklama qilingan mahsulotlar fojiali holatlarga sabab boʻlmoqda.

Raqobat qoʻmitasi ogohlantirish bilan chiqdi

Raqobat qoʻmitasi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar va telegram messenjerida tashkil etilgan guruh va kanallar orqali ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, suvlarning tibbiyotda davolash qiyin boʻlgan kasalliklarni davolash va oldini olishda (profilaktikada) eng maqbul va samarali vosita koʻrinishida targʻibot qilish kuchaygani va bundan ogoh boʻlish haqida eslatmoqda.

Aytilishicha, bunda ushbu mahsulotlarning reklamasi “ming bir xastalikka davo” sifatida, “moʻʼjizakor” taʼsiri haqida isteʼmolchilarni chalgʻitadigan yolgʻon yoki noaniq, boʻrttiruvchi iboralar asosida joylashtirilishi, taniqli shaxslar va jamoat arboblari tomonidan mazkur mahsulotlarni tavsiya qilinishi, davolashda foydalanganliklari, taʼsir doirasi va terapevtik samaradorligi haqida fikrlar bildirilishi isteʼmolchilarning rejali (anʼanaviy) davolashdan voz kechib, oʻz-oʻzini davolash usullarini keng qoʻllanilishiga, hattoki fojiali holatlarga sabab boʻlmoqda.

"Ayniqsa, reklama lavhalarida fuqarolarning diniy tuygʻularidan foydalangan holda dalil sifatida diniy blogerlarning suratlari, ular ishtirokidagi video va audio lavhalardan foydalanilib (muayyan bir savdo belgisi aniq gapirmagan boʻlsa-da), davolash uchun tavsiyalar va koʻrsatmalar berish orqali isteʼmolchilarda mahsulotlarga nisbatan boʻlgan ishonchni sunʼiy ravishda oshirilishiga va pirovardida notoʻgʻri xulosa chiqarilishiga olib kelmoqda", deyiladi bayonotda.

Qoʻmitaga reklamalarga ishonib, aynan shu kabi mahsulotlarni sotib olgan, biroq ularni isteʼmoli natijasida sogʻligi yanada yomonlashgani toʻgʻrisida fuqarolardan koʻplab murojaatlar kelib tushayotgani aytilgan. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida BFQlar boʻyicha mingtaga yaqin murojaatlar koʻrib chiqilib, isteʼmolchilarga 118 mln soʻm moddiy zararlar qoplangan.

Maʼlumot uchun: “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 35-moddasida ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining reklamasiga doir talablar belgilangan:

  • ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uygʻotmasligi;
  • ularni qoʻllash natijasida odamlar davolanganligi, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni oʻz ichiga olmasligi;
  • ularning qoʻllanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini oʻz ichiga olmasligi; sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
  • ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining tadqiqotlar oʻtkazilganligi, davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qoʻllash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
  • har bir holda reklama obʼekti dori vositasi emasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerakligi belgilangan.

Qonunning 47-moddasiga asosan, biologik faol va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasiga doir talablarni buzganlik bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid