platina.uz

Bulungʻurdagi 6 ming gektar gʻalla yeri samarasiz dbe topildi

U dalalar meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, gektaridan daromad 10 ming dollardan oshadi, 45 ming odam ishli boʻladi.

Iqtisod
21-noyabr, 10:09
Bulungʻurdagi 6 ming gektar gʻalla yeri samarasiz dbe topildi

Bulungʻur tumanidagi 6 ming gektar samarasi kam gʻalla maydonlari meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, gektaridan daromad 10 ming dollardan oshadi, 45 ming odam ishli boʻladi. Mahsulotlarning yarmi eksportga chiqarilib, qoʻshimcha 52 million dollar eksport tushumi taʼminlanadi.

Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Kelgusi yilda Samarqand viloyatida hududiy dasturlar doirasida kamida 1 milliard 850 million dollar investitsiyalarni oʻzlashtirish, 20 ming ish oʻrni yaratish va qoʻshimcha 1,2 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish hisob-kitob qilingan.

Masalan, Pastdargʻom tumani “Chimboyobod” hududida hokimlik zaxirasida turgan 234 gektar yerda maxsus sanoat zonasini tashkil qilish mumkinligi aytilgan. Tadbirkorlar u yerga 500 million dollar investitsiya kiritib, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat loyihalarini boshlashga tayyorligini bildirgan.

Yoki Zarafshon daryosi atrofidagi 25 gektar toshloq yer “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga qoʻshilsa, 30 million dollarlik loyihalarga joy boʻladi. Dargʻom kanali boʻyida 35 kilometrli turistik yoʻlak, Narpay kanalida gastronomik koʻprik tashkil etish orqali birinchi bosqichda 500 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshiriladi.

"Viloyatdagi yaylov va lalmi yerlarni iqtisodiy aktivga aylantirish kerak. Masalan, Samarqand tumanida 350 gektar lalmi yerda turistik-rekreatsion hudud tashkil qilib, mingta tadbirkorni joylashtirish va 3,5 mingta ish oʻrni yaratish mumkin", degan prezident.

Ishtixon, Urgut, Payariq va Qoʻshrabotdagi odamlar 35 ming gektarda uzum yetishtiradi. Lekin serdaromad navlarni ekish, kasallikka qarshi kurashish, yangicha agrotexnik tadbirlarga koʻnikma yetishmagani uchun hosildorlik past. Shu bois Ishtixonda Bogʻdorchilik va uzumchilik ilmiy institutini tajriba stansiyasini tashkil qilish taklifi bildirilgan. Unda “in-vitro” usulida koʻchatchilik yoʻlga qoʻyilib, uzumning “Gigant”, “Sirliboy”, “Avatar” kabi bozorbop navlari ekiladi. Natijada hosildorlik qoʻshimcha 25-30 sentnerga, eksport 20 million dollarga oshadi.

Shuningdek, Qoʻshrabot, Ishtixon, Nurobod, Pastdargʻom, Paxtachi va Urgutdagi konlar negizida foydali qazilmalarni qayta ishlash korxonalari ochish mumkin.

Yigʻilishda Samarqand viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha chora-tadbirlarni taqdimot qildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+