Tugʻuruqxonalarga 100 mln dollar yoʻnaltiriladi
Shavkat Mirziyoyev yangi hukumat oldiga bir qator muhim vazifalarni qoʻydi.

Kelgusi 5 yilda tugʻuruqxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Bu haqda Qonunchilik palatasi majlisida Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.
Shuningdek, hukumat mahallalardagi 18 mingta tibbiyot brigadalarini oʻqitish, 884 ming nafar bemorni uy sharoitida reabilitatsiya bilan qamrab olish boʻyicha yangi tizimni joriy etadi.
Prezident sogʻliqni saqlash, taʼlim va sportni rivojlantirish boʻyicha katta dasturlarni samarali va toʻliq amalga oshirish – hamisha hukumatning kun tartibida turishi kerakligini bildirdi.
"Oʻrtacha umr koʻrish darajasini 78 yoshga yetkazish uchun birlamchi tibbiy xizmatlarning aholi uchun qulayligi va sifatini oshirish zarur. Xususan, 2025 yilda birlamchi boʻgʻinda 3 million 700 ming nafar ayolni skriningdan oʻtkazish, bu jarayonni raqamlashtirish orqali saraton kasalini erta aniqlash koʻrsatkichini 85 foizga yetkazish mumkinligi taʼkidlandi", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Davlat tibbiy sugʻurtasi va aholiga “kafolatlangan paket” asosida tibbiy yordam koʻrsatish tizimi kelgusi uch yilda barcha shahar, tuman va qishloqlar qamrab olinadi.
Bundan tashqari, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi, toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish kabi masalalar boʻyicha hukumat alohida dasturlar ishlab chiqishi lozimligi aytildi.