platina.uz

“Mikrokreditbank” parrandachilikka 635 mlrd soʻm kredit yoʻnaltirdi

Parrandachilikni qoʻllab-quvvatlash orqali aholini arzon goʻsht va tuxum mahsulotlari bilan taʼminlash maqsad qilingan.

Biznes
20-noyabr, 16:15
“Mikrokreditbank” parrandachilikka 635 mlrd soʻm kredit yoʻnaltirdi

“Mikrokreditbank” tomonidan oʻtgan davrda parrandachilik xoʻjaliklariga jami 221 ta loyiha uchun 635 mlrd soʻm kreditlar yoʻnaltirildi. Bu haqda bank axborot xizmati rahbari Sarvar Ochilov brifingda maʼlum qildi.

Prezidentning 2021 yil 14 iyundagi “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Mikrokreditbank”ga yoʻnaltirilgan maqsadli mablagʻlar hisobidan parrandachilik xoʻjaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda mavjud quvvatlarni toʻliq ishga tushirish uchun 24 oygacha boʻlgan muddatga aylanma mablagʻ ajratish hamda modernizatsiya qilish uchun kreditlar ajratib kelinmoqda.

Natijada bugungi kunda mazkur korxonalarda ishlab chiqarish quvvatlari 41 foizdan 86 foizga yetkazildi.

Misol uchun, Toshkent viloyatidagi “UMID” MChJga faoliyatini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 75 mlrd soʻm kredit ajratib berildi. Natijada, korxonada yiliga 11,4 ming tonna parranda goʻshti yetishtirish quvvati yaratildi (mavjud quvvati 48 foizdan 95 foizga yetkazildi).

Jizzax viloyatidagi “SANGZOR-POULTRY” MChJga parranda va ozuqa sotib olish uchun 10 mlrd soʻm kredit ajratib berildi. Natijada, korxonadagi parrandalar soni 290 ming boshga yetkazilib, yiliga 84 mln dona tuxum ishlab chiqarish quvvati yaratildi (mavjud quvvati 46 foizdan 83 foizga yetkazildi).

Samarqand viloyatidagi “JOMBOY NASLLI PARRANDA” MChJga aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun 55 mlrd soʻm kredit ajratib berildi. Natijada, korxonada parrandalar uchun yiliga 144 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarish quvvati yaratildi (mavjud quvvati 41 foizdan 93 foizga yetkazildi).

Bundan tashqari, yuqoridagi qarorga asosan boshqa tijorat banklarida xizmat koʻrsatilayotgan parrandachilik (ozuqa) loyihalari uchun qariyib 96 mlrd soʻmlik mablagʻlar qayta moliyalashtirish maqsadida yoʻnaltirildi.

Shuningdek, avval ajratilgan kreditlarning qaytishi hisobiga 22 ta parrandachilik loyihalariga 212 mlrd soʻm kredit mablagʻlari ajratildi.

Yuqoridagi loyihalar toʻliq amalga oshirilishi evaziga yiliga 711 mln dona tuxum va 63 ming tonnaga yaqin parranda goʻshti yetishtirish, 188 ming tonna tayyor ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.

Aholini arzon goʻsht va tuxum mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida parrandachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning huquqiy mexanizmlari ham yaratilgan.

Misol uchun, 2022 yil 15 iyundagi “Parrandachilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga asosan parrandachilik xoʻjaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subʼektlariga don zaxirasi yaratish uchun 71 mlrd soʻm kreditlar ajratildi.

Bundan tashqari, qarorga muvofiq bankka kelib tushgan arizalarga asosan 166 ta parrandachilik xoʻjaliklarining 335 mlrd soʻmlik kreditlarini qaytarish muddatlari 24 oydan 84 oygacha uzaytirib berildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+